Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum sanasi e’lon qilindi
Olam
−
11 fevral 544 2 daqiqa
Bugun, 11 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2026 yil 15 mart kuni mamlakatda yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 12 fevral kuni e’lon qilingan Qozog‘iston Respublikasining yangi Konstitutsiyasi loyihasi ovozga qo‘yiladi. Referendum byulleteniga fuqarolar uchun quyidagi savol kiritiladi: “Siz 2026 yil 12 fevralda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Qozog‘iston Respublikasining yangi Konstitutsiyasini qabul qilasizmi?”
Ma’lum qilinishicha, farmon matni va yangi Konstitutsiya loyihasi 12 fevral kuni rasman e’lon qilinadi. Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish Markaziy referendum komissiyasi funksiyalarini bajaradigan Qozog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga, shuningdek, hududiy saylov uchastkalariga yuklatilgan.
Hukumatga esa Markaziy saylov komissiyasi hamda mahalliy ijro etuvchi organlar bilan hamkorlikda referendumni o‘tkazish uchun zarur tashkiliy choralarni ko‘rish topshirilgan. Farmon rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining 80 foizdan ortig‘i qayta yozilishi, tuzatishlar 77 ta moddani qamrab olishi haqida xabar berilgandi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:
1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi