Qozog‘istonda poyezd vagonlari relsdan chiqib, daryoga quladi (video)
Olam
−
04 aprel 2022
10639Kecha, 3 aprel kuni Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Oskemen – Kumistau temir yo‘l uchastkasida harakatlanayotgan poyezdning 18 ta vagoni relsdan chiqib ketdi. Beshta vagon Irtish daryosiga qulab tushgan. Bu haqda “Tengrinews”nashri “Qazaqstan temіr joli” milliy kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib, xabar berdi.
"3 aprel kuni soat 12:04 da Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Oskemen – Kumistau temir yo‘l uchastkasida 18 ta vagondan iborat yuk poyezdi relsdan chiqib ketdi. 5 ta vagon daryoga qulab tushgan. Poyezd soatiga 37 kilometr tezlikda harakatlanayotgan edi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ruda ortilgan ikkita vagon Rossiya mulki bo‘lgan. Yana 16 ta vagon “KazsinkTemirTrans” MCHJga tegishli bo‘lib, ularga shlak ortilgan.
“Jabrlanganlar va jarohatlanganlar yo‘q. Yo‘lovchi hamda yuk poyezdlarida kechikishlar bo‘lmayapti. Hozirda tiklash ishlari olib borilmoqda. Ushbu holatning barcha sabab va tafsilotlarini o‘rganish uchun milliy kompaniya rahbarlaridan iborat komissiya tuzildi”, deyiladi xabarda.
Transport politsiya boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu fakt Oskemen-1 stansiyasidagi Liney politsiya bo‘limining Yagona tergovga qadar tekshiruv reyestriga Jinoyat kodeksining 344-moddasi 1-qismi “Temir yo‘l transporti harakati va ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” bilan qayd etilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi