Qozog‘istonda parlament “Qurultoy” deb qayta nomlanadi
Olam
−
20 yanvar 1096 2 daqiqa
Qozog‘iston parlamenti “Qurultoy” deb qayta nomlanishi mumkin. Bunday nomni bugun, 20 yanvar kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishidagi chiqishi chog‘ida qo‘llab-quvvatlagan.
“Bilasizlar, men bir palatali parlamentni tashkil etish tashabbusini ilgari surganman. Bu nihoyatda muhim masala bo‘lib, jamiyatda keng muhokama qilindi. Asosiy bahslar yangi parlament qanday bo‘lishi, unda nechta deputat bo‘lishi, uning tuzilmasi va qanday ishlashi masalalari atrofida kechdi.
Aytishim mumkinki, bu juda muhim, hatto hal qiluvchi masala bo‘lib, u chuqur o‘rganishni, har tomonlama tahlilni, puxta o‘ylab ko‘rishni va jiddiy yakuniy qaror qabul qilishni talab etdi. Endi men ishchi guruhda muhokama qilingan asosiy takliflarni sizlarga taqdim etmoqchiman.
Eng avvalo, kelajakdagi parlament nomi borasidagi fikrimni aytmoqchiman. Qisqacha qilib aytganda, men uni “Qurultoy” deb atash kerak, deb hisoblayman”, deydi Qozog‘iston Prezidenti.
To‘qayev “Qurultoy”ning tarixiy ko‘lami va ahamiyati xalq uchun tushunarli va yaqin ekanini qayd etgan.
“Men o‘zim 2022 yilda Qurultoyni qayta tiklash tashabbusini ilgari surganman. Ushbu ma’ruzam boshida Milliy qurultoy faoliyatining samaradorligi va foydasiga e’tibor qaratdim. Umuman olganda, men “Qurultoy” nomini mamlakatimiz siyosiy tizimidagi juda muhim davlat instituti ramzi sifatida saqlab qolishimiz kerak, deb hisoblayman”, deya qo‘shimcha qilgan Qozog‘iston rahbari.
Shuningdek, To‘qayevning aytishicha, yangi parlamentdagi mandatlar soni 145 tagacha bo‘lishi mumkin, deputatlar esa hamma uchun yagona tartib asosida saylanadi. Hozir ularning soni 148 nafarni tashkil etadi. Parlamentda 8 ta qo‘mita bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan. Bundan tashqari, Qosim-Jomart To‘qayev Milliy qurultoyda muhim davlat tuzilmalari a’zolarini parlament orqali tayinlashni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq To‘qayev xalqqa yo‘llagan murojaati doirasida Qozog‘iston parlamentini bir palatali qilish va Senatni tugatishni taklif etgan edi.To‘qayev bu masalani hal etish uchun referendum o‘tkazilishini ham qo‘shimcha qilgan. Keyinroq Qosim-Jo‘mart To‘qayev parlament islohoti mamlakat va Qozog‘iston xalqi taqdiriga bevosita ta’sir qiladigan masala ekanini ham aytgan.
Live
Barchasi