Qozog‘istonda olimlar uchun yangi viza joriy etiladi

Olam

image

Qozog‘istonda olim va investorlarni jalb qilish uchun yangi viza turlari joriy etiladi. Bu haqda Qozog‘iston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Migratsiya siyosatining yangi konsepsiyasi doirasida tanqis kasblar bo‘yicha 100 nafar eng yaxshi xorijiy mutaxassislarni jalb qilish mexanizmini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

“Ular uchun yashash ruxsatnomasi bilan “Qimmatli ko‘nikmalar uchun viza” joriy etiladi. Shuningdek, Qozog‘iston kadrlarining malakasini oshirish uchun qimmatli ko‘nikmalar (taqchil kasb va mutaxassisliklar) ning muntazam yangilanib turuvchi reytingi shakllantiriladi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, xorijiy olim va o‘qituvchilar uchun uzoq muddatli (10 yilgacha) “Ilmiy-pedagogik vizalar” beriladi. Bu esa ularga Qozog‘istonda doimiy yashash huquqini, keyin esa fuqarolikni olish imkonini beradi.

Investitsion va biznes vizalar deb nomlanuvchi viza turi esa Qozog‘iston iqtisodiyotiga bir vaqtning o‘zida 300 ming dollar sarmoya kiritgan xorijlik ishbilarmonlarga beriladi. Bunday viza mamlakatda 10 yil yashash huquqini beradi. Uning egasi biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, mulkka egalik qilish, moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, sanoat va IT sohalarida qimmatli mutaxassislar uchun imtiyozlar joriy etiladi.

Farangiz Salimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

34

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing