Qozog‘istonda 3 nafar o‘zbekistonlik portlab ketdi

3-sahifa

image

Joriy yilning 11 sentyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota viloyatida, metall qabul qilish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida 3 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi. Bu haqda viloyat Politsiya boshqarmasiga tayanib, “Zakon.kz” xabar berdi.

“Olmaota viloyatining Iliy tumanida joylashgan metall qabul qilish shoxobchalaridan birida yuz bergan fojiali hodisa bo‘yicha politsiya jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Noma’lum predmet portlashi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Ularning jasadlari hayot alomatlarisiz topildi. Hodisa joyiga darhol tezkor xizmatlar – politsiya, yong‘in xavfsizligi xodimlari va tez tibbiy yordam brigadasi yetib bordi”, deyiladi xabarda.

Hozirda tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, voqeaning sabablari aniqlanmoqda. Hodisa tafsilotlari oshkor qilinmagan. Rasmiy talqinga ko‘ra, metall qabul qilish jarayonida noma’lum buyum portlab ketgan. Tashkilot egasining aytishicha, metall orasida mina bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

“Bizning ortimizda sex bor. Uni xitoyliklar ijaraga olgan. Aftidan, ular o‘z vaqtida arzon narxda metallolom sotib olishgan. O‘zlari ham bilishmagan. Shular orasida Mudofaa vazirligidan chiqqan metall chiqindilari bo‘lishi mumkin. Lekin ular orasida portlamagan minalar ham bor edi deb o‘ylayman. Hozir barcha kuch tuzilmalari kelgan, tekshirishmoqda”, deydi shoxobcha egasi Amirbek Sherbayev.

“Nur.kz” nashrining yozishicha, voqea joyida kriminalistlar va Mudofaa vazirligi vakillari ishlamoqda. Hududga hech kim kiritilmayapti. Halok bo‘lganlarning shaxsi aniqlangan. Ular ishchilar ekani va barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tataristonning Zainsk tumanida yuz bergan ayanchli avtohalokat oqibatida 3 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘lgandi. O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi ham ushbu ma’lumotlarni tasdiqlab, jasadlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha mahalliy hokimiyat organlari bilan aloqa o‘rnatilganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Olmaota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing