Qozog‘iston Olmaotada seysmik audit o‘tkazmoqchi

Olam

image

Qozog‘iston Bosh vaziri Alixan Smailov Olmaotaga ishchi tashrifi chog‘ida shaharda seysmik audit o‘tkazish va qurilishda nazorat choralarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.  Bu haqda “Central Asia” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2 milliondan ortiq aholiga ega bo‘lgan Olmaota shahri seysmik faol zonada joylashgan. Shuning uchun ham Bosh vazir shahardagi seysmik xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratgan. 

“Turkiya va Suriyada sodir bo‘lgan fojia respublika, xususan, Olmaota uchun katta saboq bo‘lishi kerak”, degan Smailov

Bosh vazirning ta’kidlashicha, shahardagi ob’ektlarni pasportlashtirish oxirgi marta 2017-2018 yillarda o‘tkazilgan. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligiga shahar hokimligi bilan birgalikda qisqa vaqt ichida audit o‘tkazish va seysmik xavfsizlikni oshirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirilgan.

“Nafaqat Olmaotada, balki respublikaning zilzilaga moyil bo‘lgan boshqa barcha hududlarida ham ushbu masalalar bo‘yicha jahon tajribasidan foydalanish zarur. Vakolatli davlat organlari ilgari bekor qilingan loyihalash, qurish va nazorat qilish jarayonlarini qonunchilikda qat’iylashtirish masalasini tezkorlik bilan ko‘rib chiqishi kerak”, deydi Qozog‘iston Bosh vaziri.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali ikkita vayronkor zilzila sodir bo‘ldi. Yer qimirlashlari va minglab yerosti silkinishlari respublikaning 11 viloyati va qo‘shni mamlakatlarda sezilgan bo‘lib, ulardan Suriya eng ko‘p jabr ko‘rgan. Turkiyada qurbonlar soni 48 mingdan oshdi. Turkiyaga yetkazilgan tabiiy ofatdan jami zarar, BMT prognozlariga ko‘ra, 100 milliard dollardan oshishi mumkin


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing