Qozog‘iston MXQ sobiq rahbariga hukm e’lon qilindi 

Olam

image

Bugun, 24 aprel kuni sud Qozog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi Karim Masimovga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar berdi. 

Ostona shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudida Qozog‘iston Respublikasi MXQning sobiq raisi Karim Masimov va uning o‘rinbosarlari Anuar Sadiqulov, Daulet Yergojin, Marat Osipovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha hukm e’lon qilingan.

Ish sud tomonidan “O‘ta maxfiy” rukni ostida ko‘rib chiqilgan.

Karim Masimov va Anuar Sadiqulov davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblangan. Daulet Yergojin ham Qozog‘iston Respublikasida hokimiyatni majburan egallab olish mansab vakolatlarini suiiste’mol qilishda ayblangan Marat Osipov esa hokimiyat va mansab vakolatlaridan ortiqcha foydalanishda ayblangan.

Sud qarori bilan Karim Masimovga 18 yilga ozodlikdan mahrum qilish, mulkni musodara qilish, davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash huquqidan umrbod mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Anuar Sadiqulov esa 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash huquqidan umrbod mahrum qilish bilan jazolangan.

Daulet Yergojinga esa 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish, davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash huquqidan umrbod mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Marat Osipov esa davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash huquqidan va uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Masimov, Sadiqulov, Yergojin va Osipovlar general unvonlari va davlat mukofotlaridan mahrum qilindi.

“Davlat daromadiga 10 milliard tenge va 24 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ undirildi”, deyiladi sud xabarida.

Sud hukmi qonuniy kuchga kirmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Qozog‘istonda tartibsizliklarga aylangan ommaviy namoyishlardan so‘ng yuqori martabali maxsus xizmat xodimlarini hibsga olish boshlandi. Dastlab Masimov Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari lavozimidan chetlashtirilib, davlatga xiyonatda gumon qilinib, hibsga olindi, uning o‘rniga Sagimbayev tayinlandi. Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosarlari – Anuar Sadiqulov va Daulet Yergojin ham o‘z lavozimlaridan chetlashtirildi. 13 yanvar kuni Masimov hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishga qaratilgan harakatlarda ham gumon qilinayotgani ma’lum bo‘ldi. Sadiqulov va Yergojinning hibsga olingani haqida ham aytildi. Keyinroq, Masimov va Sadiqulov sud tomonidan hibsga olingan va ish “o‘ta maxfiy” toifasiga kiritilgan. 7 fevral kuni Yergojin ham sud sanksiyasi bilan hibsga olingan.

Masimovning uyi tintuv qilinganida 17,2 million AQSH dollari miqdorida naqd pul, shuningdek, ko‘plab hashamatli buyumlar aniqlangan.

Masimov Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori hisoblangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing