Qozog‘iston koronavirusning yangi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Cheklovlar kengayadi

Olam

image

Qozog‘istonda koronavirusning yangi turini yuqtirganlarning 94 foizga yaqini sog‘aydi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Asqar Mamin bugun, 9 sentyabr kuni o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi.

"O‘z vaqtida ko‘rilgan choralar koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirdi. Hozirgi kunda virus yuqtirganlarning 94 foizi sog‘ayib ketgan, yuqumli kasallik shifoxonalarining yuklamasi 15 foizni tashkil qilmoqda. Tez tibbiy yordamga koronavirus masalasi bo‘yicha chaqiruvlar 80 foizgacha kamaygan", deydi Mamin.

U shaxsiy himoya vositalari va dori vositalari zaxirasi shakllanganligini ta’kidladi. Qayd etilishicha, avgust oyidan boshlab, aholi ushbu virusli infeksiyani ambulator sharoitida davolash uchun bepul dori-darmonlar bilan ta’minlandi. Ayni vaqtda hudadlarda 12 ta yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilmoqda va 2 ta shifoxona rekonstruksiya qilinmoqda. 

"Ko‘rilgan barcha choralar koronavirus va mavsumiy kasalliklarning mumkin bo‘lgan yangi to‘lqini bilan kurashishda yordam berishiga aminman. Albatta, sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish talab etiladi. Dunyoda epidemiyaning beqarorligini hisobga olib, biz virusning mumkin bo‘lgan yangi to‘lqini uchun tayyorgarlik ishlarini davom ettirishimiz va ba’zi cheklov choralarini kengaytirishimiz kerak", deydi Bosh vazir.

Asqar Mamin hududlar rahbarlariga joylarda epidemiologik vaziyatni alohida nazorat ostida ushlab turish, kasallik bilan bog‘liq o‘zgarishlarga zudlik bilan javob berishni buyurdi. 

Koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq favqulodda holat Qozog‘istonda 16 martdan 11 maygacha amal qilgan. 5 iyul kuni respublika rasmiylari epidemiologik vaziyat yomonlashgani sababli bir qator qo‘shimcha cheklovlarni qayta kiritdilar. Ularning bosqichma-bosqich yumshatilishi 17 avgustda boshlandi va 31 avgustda karantin choralarini yumshatishning ikkinchi bosqichi amalga oshirildi.

Ayni paytda Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallangan 106 498 kishi ro‘yxatga olingan, ulardan 100 042 kishi sog‘ayib ketgan, 1646 kishi vafot etgan.

Rushanabonu Sultonova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

205

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing