Qozog‘iston Qoraqalpog‘istondagi voqealarga munosabat bildirdi
Olam
−
03 iyul 2022
34739Qozog‘iston O‘zbekiston Respublikasida sodir bo‘lgan so‘nggi voqealarni xavotir bilan qabul qildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan bugun, 3 iyul kuni e’lon qilgan rasmiy bayonotida so‘z boradi.
Bayonot avvalida rasmiy Nur-Sulton O‘zbekiston Qozog‘iston uchun qardosh davlat, ishonchli ittifoqchi va strategik hamkor ekanini urg‘ulaydi.
“Shuning uchun Qozog‘iston O‘zbekiston Respublikasida sodir bo‘lgan so‘nggi voqealarni xavotir bilan qabul qildi.
Biz O‘zbekiston rahbariyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan qarorlarini olqishlaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.
G‘oyat muhim siyosiy voqea – Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum arafasida qardosh O‘zbekistonda tinchlik va osoyishtalik qaror topishiga ishonchimiz komil”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, alohida qayd etilishcha, mamlakat 1998 yil 31 oktyabrda Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, 2013 yil 14 iyundagi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va 2021 yil 6 dekabrdagi Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya ruhida ko‘p tarmoqli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash yo‘nalishi tarafdori.
Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘istondagi voqealar avj olgan pallada Qozog‘iston ommaviy axborot vositalarida haqiqatdan yiroq, yolg‘on va feyk axborotlar tarqatildi.
LiveBarchasi