Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda qurg‘oqchilik boshlandi. O‘zbekistonda ham xavf bormi?

Intervyu

Oxirgi vaqtlarda bizga qo‘shni bo‘lgan Turkmaniston, Qizg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarda qurg‘oqchilik va g‘ayritabiiy issiq ob-havo yaylovlarning qurib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonga ham xavf solmaydimi, degan tabiiy savolni yuzaga keltiradi. Xususan, bu galgi yozda bizni qanday ob-havo kutmoqda? Suv taqchilligi borasida O‘zbekistonda vaziyat qanday? QALAMPIR.UZ muxbiri Charos Shodmonqulova bu savollarga oydinlik kiritish uchun Gidrometeorologiya xizmati markazi bo‘limi rahbari Doniyor Turg‘unov bilan suhbatlashdi.

Charos Shodmonqulova, muxbir: — Qo‘shni davlatlarda qurg‘oqchilik allaqachon boshlangan. Bu borada O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Doniyor Turg‘unov, Gidrometeorologiya xizmati markazi bo‘limi rahbari: — Bilasizmi, qurg‘oqchilik aksariyat hollarda suv taqchilligini yuzaga keltiradigan va uzoq vaqt quruq havo massalari saqlanib turadigan va issiq ob-havo holatlari kuzatiladigan hodisalar oqibatida shakllanadi. Demak, qurg‘oqchilikni turli mintaqalarda turlicha tasniflashadi. Markaziy Osiyo hududlarida buni kategoriyaga solsa bo‘ladi: 


 
•    atmosferadagi qurg‘oqchilik;

•    gidrologik qurg‘oqchilik;

•    qishloq xo‘jaligidagi qurg‘oqchilik; 

•    ijtimoiy-iqtisodiy qurg‘oqchilik.

Oxiridagi, ya’ni ijtimoiy-iqtisodiy qurg‘oqchilik, bu har uchala qurg‘oqchilikning oqibatidan kelib chiqadi. Masalan, 2008 yil respublikamizda kamsuvlik yili bo‘ldi. Ushbu yilda hammamizga ma’lum bo‘lgan Chorvoq suv ombori, eng yirik gidroelektr stansiyasi joylashgan suv omborida ishlab chiqariladigan elektr miqdori ko‘p yillik me’yorga nisbatan 52 foiz pastlagan. Va bu albatta, energiya tanqisligini keltirib chiqaradi. Umuman olganda hozirgi kunda Markaziy Osiyoda ko‘proq qaysi qurg‘oqchilik turi kuzatilyapti, degan savol tug‘ilishi mumkin. Bilasizmi, barcha turdagi qurg‘oqchilik bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lsa-da, bugun eng ko‘p gidrologik qurg‘oqchilik kuzatilmoqda. Sababi shuki, suvga bo‘lgan talabning ortishi, demografik nuqtayi nazardan o‘sish va suvdan foydalanish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari, umuman suvga ehtiyoj sezgan barchaning munosabati bilan belgilanadi. 

Xususan, 2000-2001 yillar davomida ham O‘zbekistonda mana shunday gidrologik qurg‘oqchilik kuzatilgan. Buning oqibatida don ishlab chiqarish 14 foizga, boshqa ekin hosildorligi 45-75 foizga kamaygan, umumiy hisobdagi hosildorlik 50-75 foizga pasaygan, hosillar nobud bo‘lgan. Albatta, bular BMT taraqqiyot dasturi mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqot doirasida tasdiqlangan. 

Yana bir narsani ta’kidlab o‘tish kerakki, butun jahon aholisining qariyb yarmi yil davomida 1 oy gidrologik qurg‘oqchilik kuzatilgan mintaqalarda yashaydi. Bu ko‘rsatkich 2050 yilga borib, 5 mlrdga yetishi mumkin. Bu albatta, taxminiy ssenariylar. 

Ma’lumotlarga qaraganda, 1967 yildan 1991 yilgacha bo‘lgan davrni olib qaraydigan bo‘lsak, qurg‘oqchilikdan umumiy jabr ko‘rganlar 2,8 mlrd kishini tashkil etgan. Shundan 50 foizidan ortig‘i aynan qurgoqchilik tufayli jabr ko‘rgan. Lekin bu bilan bizga kelib qurg‘oqchilik yana kuchayadi, degan xulosaga kelish xato. Sababi, biz joylashgan mintaqa Markaziy Osiyo mintaqasida landshaftning barcha turlari mavjud. Xususan baland tog‘liklarimiz, cho‘lli hududlarimiz, keng va boy landshaftga ega. Qolaversa, tog‘larimizda doimo qor to‘planadi. Ularda mavsumiy qorlarni shakllantiruvchi doimiy muzlarimiz bor. 

Keyingi yillarda suv oqimi qanday shakllanishiga ham qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bizda daryolarimizning to‘yinish manbalarini to‘rtta tipga bo‘lishimiz mumkin. 

Kamsuvli yillar qanchalik chuqurlashgan sari, gidrologik qurg‘oqchilik shunchalik ortib boraveradi. Yuqorida bu misollarni keltirib o‘tdim. Biz hozir global iqlim o‘zgarishi sharoitidamiz. Havo harorati o‘sib bormoqda. Harorat ko‘tarilishi natijasida muzliklarimiz erishi jadallashmoqda. Shuning oqibatida yuqoridagi ikitata turdagi yirik daryolarimizning oqimi me’yorlashadi, u yerdagi suv miqdori unchalik kamaymaydi, ya’ni kamsuvlik chuqurlashmaydi. 

Ch.Sh.: — Uzoqqa bormaylik, Toshkent viloyatida suv havzalarida suv ancha kam, Chirchiq daryosi deyarli qurib boryapti. Buning sababi nimada?

D.T.: — Chirchiq daryosining yuqori oqimida Chorvoq suv ombori joylashgan. Ya’ni Chirchiq daryosi suv ombori yordamida boshqariladi. Chirchiq daryosining eng yuqoridagi G‘azalkent postida hozirgi kunda o‘rtacha 300 metr taqsim sekund suv oqayotgan bo‘lsa, Chirchiq daryosining hammamiz yaxshi biladigan Qo‘yliq bozori ko‘prigidagi hududida oqayotgan suv miqdori 20 metr taqsim sekundgacha keladi. G‘azalkentdan to Qo‘yliqqacha bo‘lgan oraliqdagi suv qayerga sarflanyapti, degan savol tug‘iladi. Javob shuki, bu yerdan Toshkent viloyatining ko‘pgina hududlari suv oladi. Shuning uchun Chirchiq daryosining quyi oqimi suvi kamayishi hisobiga biz daryo qurib bormoqda, degan xulosaga kelamiz. Umuman olganda, hozirgi kunda Chorvoq suv omboriga keladigan daryolardagi suv oqimi o‘tgan yilgiga nisbatan ko‘p. 

Masalan, Sirdaryo O‘zbekiston Respublikasidan boshlanadi. Sirdaryoning ikkita eng yirik irmog‘i Norin daryosi va Qoradaryo .Har ikkala daryo suv ombori yordamida boshqariladi. Norin daryosining yuqorisida Markaziy Osiyodagi eng yirik suv ombori joylashgan. Uning nomi Toktogul. U yerga juda ham yirik elektr stansiyasi o‘rnatilgan. Qish mavsumi – dekabr, yanvar, fevral oylarida Toktogul suv omboridan quyi tomon, ya’ni Norin daryosi tomon 5 kilometr kub suv tashlanadi. Bu ikki yarimta Chorvoq suv omborining suvi degani. 

Menimcha, suvning hisobini to‘g‘ri yuritish kerak, deb o‘ylayman. Hisobni to‘g‘ri yuritgan holatda, sug‘orishda foydalanadigan gidrotexnik inshootlarni qurish yoki bo‘lmasa, suv tejovchi tadbirlar asosida sug‘orish yo‘lga qo‘yilsa, bizda shakllanadigan daryolar oqimi respublikamiz hududidagi sug‘oriladigan yerlarga yetadi. Faqat undan to‘g‘ri foydalanishimiz kerak. 

Ch.Sh.: — Bu yil qay darajada issiq bo‘lishi kutilyapti, yozning boshidagidek jazirama kuzatiladimi?

D.T.: — Keling, oxirgi ikki yilni taqqoslaymiz. 2020 yil yoz oyida eng issiq havo iyun oyida 40,2 darajani qayd etgan. Qolgan yoz davomida havo harorati 49 darajadan ortmagan. 2019 yilda esa buning aksi. Ya’ni chillaning qoq markazi iyul oyida – 11 iyuldan to 22 iyulgacha havo harorati 40 darajadan pastlamagan. 

2021 yil 3-7 iyun kunlari havo haroratida maksimum rekord qayd etildi. Undan keyin esa nisbatan salqinroq bo‘lgan havo massalari hukmron bo‘lib turmoqda. 3-7 iyun kunlari bizda Eron hududlaridan mehmon bo‘lib ketgan havo massalari iyul davomida yana 1-2 marta mehmon bo‘lishi mumkin. Bunday havo massalari odatda 3-4 kun hukmronligini ko‘rsatadi. 

Ch.Sh.: — O‘zbekiston bu yilgi qurg‘oqchilikka qanchalik tayyor?

D.T.: — Asosan bu tabiat hodisasi. Tayyorlik nuqtayi nazaridan iqlim o‘zgarishi oqibatida shakllangan qurg‘oqchilikka moslashish kerak. Moslashish deganda, suvni tejash, undan to‘g‘ri foydalanish kerak va yashillikni e’tibor qaratishimiz zarur. 

Ch.Sh.: — Suv omborlari-chi, ular yetarlicha to‘yinganmi?

D.T.: — Bilasizmi, suv omborlarida o‘tgan yilgiga nisbatan suv kam. Yuqorida aytdimki, bu yil ana shu ko‘pyillik me’yorni 75-80 foiz miqdordagi suv shakllanadi.  

Xulosa kelib chiqadiki, suvdan to‘g‘ri foydalanishni yo‘lga qo‘ysak, gidrologik qurg‘oqchilikka qarshi tura olamiz. Iqlim o‘zgarishi esa havo haroratining ko‘tarilishiga olib kelmoqda, ammo atmosfera yog‘inlari miqdorlari o‘zgarmayapti. Bu juda qiziq jarayon. Faqatgina yog‘inlarning turi o‘zgarmoqda. 

Biz ko‘p Orol muammosi haqida gapiramiz, bilasizmi, qachonki biz yerlarni, doimiy qor qoplamalarini, mavjud resurslarni to‘g‘ri o‘rganib, tahlil qilmas ekanmiz, Orol muammosi mintaqadagi qurg‘oqchilik muammosiga aylanib ketishi mumkin. Aytaylik, bu ogohlantirish. Chunki har yili suvga bo‘lgan talab 1 foizga ortmoqda. 30 yildan keyin bu 30 foizga yetadi va yuqoridagi raqamlar o‘zini oqlashi mumkin. 

Markaziy Osiyo davlatlari suv va daryolarning oqimi nuqtayi nazardan bir biriga o‘zaro bog‘liq. Ya’ni hamkorlikda faoliyat olib boriladi. Iqlim o‘zgarishida ilgari davlatlar bir-biriga yordamlashib, holatni yumshatishga qaratilgan chora tadbirlarni ko‘rib kelardi. Lekin yildan yilga iqlim o‘zgarishi oqibati keskilashgani sari, davlatlarning hamkorligi sekin-sekin raqobatga aylana boshladi. Bu raqobatga bardosh berish uchun bizda avvalo iqlim o‘zgarishi oqibatlarini biladigan va uni to‘g‘ri baholaydigan mutaxasislarni tayyorlash hamda kuchli tizimni shakllantirish kerak.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

186

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing