Qozog‘iston Erondagi elchixonasi xavfsizligini kuchaytirmaydi – Qozog‘iston TIV

Olam

image

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga qilingan hujumdan keyin respublikaning Eron poytaxtidagi elchixonasida xavfsizlik choralarini kuchaytirishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 30 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qozog‘iston TIV rasmiy vakili Aybek Smadiyarov aytib o‘tgan, deb yozmoqda “Interfaks” nashri.

Mas’ul brifingda muxbirning Qozog‘istonning Tehrondagi elchixonasida xavfsizlik choralarini kuchaytirish masalasi ko‘riladimi, degan savoliga javob berar ekan, shunday dedi:

“Yo‘q, men unday deb o‘ylamayman. Bu alohida holat. Agar Tehronda joylashgan elchixonalarga bir qator hujumlar bo‘lganida, bu boshqa masala bo‘lardi. [Qozog‘iston] elchixonasi normal rejimda ishlamoqda”.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni soat 08:30 da Tehronda Ozarbayjon elchixonasiga qurolli hujum uyushtirildi. Hujum qilgan shaxs Kalashnikov avtomati bilan qurollangan. Hodisa oqibatida xavfsizlik xizmati boshlig‘i halok bo‘ldi, uning ikki hamkasbi yaralandi. Ikkinchisining holati qoniqarli deb baholanmoqda. Eron politsiyasi Ozarbayjon diplomatik vakolatxonasiga uyushtirilgan hujumda gumonlanuvchining hibsga olingani haqida xabar berdi.

Shundan so‘ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev elchixonaga uyushtirilgan qurolli hujumni qoralab, uni terrorchilik harakati deb baholadi.
Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ayxan Hojizoda esa Ozarbayjon qurolli hujumdan keyin mamlakat elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilmoqchiligini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyyan ozarbayjonlik hamkasbi Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga qilingan hujumdan ikki davlat dushmanlari foydalanganini bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Eron poytaxti Tehrondagi elchixonasiga uyushtirilgan hujum yuzasidan munosabat bildirib, ushbu holatni keskin qoralashini ma’lum qildi.

Ozarbayjon Erondagi elchixonasi faoliyatini butunlay to‘xtatdi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xalaf Xalafov ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing