Qozog‘iston chegarasidan noqonuniy o‘tmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
Olam
−
31 iyul 6504 1 daqiqa
Joriy yilning iyul oyida Qozog‘istonning Pavlodar viloyatidagi “Jetisu” chegara postiga yaqin hududda O‘zbekiston fuqarosi chegarani chetlab o‘tgan holda Rossiyaga noqonuniy o‘tmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Uspenskiy tuman sudi xabar berdi.
Fuqaro chegara chizig‘idan atigi 80 metr uzoqlikda joylashgan hududda noqonuniy ravishda bo‘lgan va aynan shu yerda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining chegara xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Uning aybi o‘zining ko‘rsatmalari, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va boshqa ish materiallari bilan tasdiqlangan.
Ushbu holat yuzasidan sud O‘zbekiston fuqarosini Qozog‘iston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 514-moddasi (chegarani buzish) bo‘yicha aybdor deb topgan va unga 9 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan. Bildirilishicha, mazkur qaror hali qonuniy kuchga kirmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasidagi hududda neft mahsulotlari kontrabandasi uchun foydalanilgan 450 metr uzunlikdagi yerosti tunneli borligi aniqlangandi.