“Qorin qo‘ygan” ichki ishlar xodimlari masalasi ko‘rib chiqiladi
Jamiyat
−
20 dekabr 2019
7683O‘zbekiston Ichki ishlar tizimidagi vazni belgilangan normadan ortiqcha bo‘lgan xodimlar alohida ro‘yxatga olingan. Bu haqda O‘zbekiston IIV kadrlar bo‘limi boshlig‘i Farid Abdiyev ta’kidlab o‘tgan.
Joriy yilning 19 dekabr kuni AOKAda “Ichki ishlar organlarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish faoliyati” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda Ichki ishlar tizimidagi ortiqcha vaznga ega bo‘lgan kadrlar masalasida savol berildi.
“Tibbiyot xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar tizimidagi har bir xodimning vazni o‘lchanib, ular orasidan belgilangan normadan ortiqcha vaznga ega bo‘lganlari alohida ro‘yxatga olingan”, deya ma’lum qilgan IIV kadrlar bo‘limi boshlig‘i Farid Abdiyev.
Shuningdek, ularga o‘z vazni ustida ishlashlari uchun barcha kerakli sharoitlar yaratilgan, har biri ogohlantirilgan. Tibbiy muassasalar tomonidan tibbiy yo‘nalish va ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar berilgan. Bundan tashqari kasbiy va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ushbu kadrlar bilan alohida mashqlar o‘tkazilgan.
Erishilgan natijalar tahlil qilinganda esa 2019 yilning noyabr oyi oxirigacha 30 foiz darajada ko‘zlangan maqsadga erishilgani ma’lum bo‘lgan.
“O‘z ustida ishlamagan va ortiqcha vaznini yetarli me’yorga tushirmagan xodimlar yangi yil choragida attestatsiyadan o‘tkaziladi va ularning Ichki ishlar tizimida o‘z faoliyatini davom ettirish yoki davom ettirmaslik masalasi hal etiladi”, deya ta’kidlagan Abdiyev.
LiveBarchasi