Qoraqalpog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri vafot etdi

Jamiyat

image

1991-2002 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Janabay Palimovich Shilmanov 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimida ko‘p yillar davomida samarali faoliyat yuritgan, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash ishiga munosib hissa qo‘shgan, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist”, 2-darajali “Mehnat faxriysi”, iste’fodagi general-mayor Janabay Palimovich Shilmanov joriy yilda 86 yoshida vafot etdi. Marhumning vafoti munosabati bilan oila a’zolari, yaqinlari va barcha ustoz-shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, general-mayor Janabay Shilmanov 1940 yil 16 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida tug‘ilgan. 1957 yilda tuman markazidagi o‘rta maktabni tamomlab, 1957–1962 yillarda Toshkent davlat pedagogika institutining ingliz filologiyasi fakultetida tahsil olgan va uni imtiyozli diplom bilan yakunlagan.

Mehnat faoliyatini 1962–1965 yillarda Tinch okeani harbiy-dengiz floti safida instruktor sifatida boshlagan. Mazkur xizmat davomida unga dastlabki “leytenant” harbiy unvoni berilgan hamda “Alohida xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan. Keyinchalik Kegeyli tumanidagi o‘rta maktabda o‘qituvchi, tuman yoshlar kengashi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.

1966 yilda Davlat xavfsizlik qo‘mitasi safiga qabul qilinib, Minsk shahridagi maxsus maktabni tamomlagan va ushbu xizmatning oliy maxsus jangovar tayyorgarligidan o‘tgan. 1980–1981 yillarda “Kaskad–2” maxsus guruhi tarkibida Afg‘onistonda jangovar xizmat vazifalarini bajargan.

Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik qo‘mitasida bo‘lim boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat xavfsizlik qo‘mitasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 1983–1987 yillarda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasining Ma’muriy bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida mas’uliyatli faoliyat olib borgan.

1987 yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, 1991–2002 yillarda esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida xizmat qilib, tizim rivoji va jamoat xavfsizligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shgan.

El-yurt oldidagi fidokorona xizmatlari uchun Janabay Shilmanov “Ichki ishlar general-mayori” oliy harbiy unvoni, 2-darajali “Shon-sharaf” ordeni hamda “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

Janabay Palimovich va rafiqasi Klaraning to‘rt nafar farzandi oliy ma’lumotli bo‘lib, ulardan ikki nafari otasining kasbini munosib davom ettirgan.

2002 yildan nafaqaga chiqqan general-mayor Janabay Shilmanov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida qo‘mita raisi, shuningdek Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi lavozimlarida ham uzoq yillar davomida samarali mehnat qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Janabay Shilmanov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar