Qoraqalpog‘istonga ziyoratga borgan 19 yoshli yigit tog‘dan yiqilib tushdi
Jamiyat
−
13 aprel 2021
14901Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istondagi Shixi Jalil ziyoratgohida bir fuqaro tepalikdan pastga yiqilib tushgani haqidagi videolar tarqaldi. Aniqlanishicha, ushbu holat joriy yilning 11 aprel kuni sodir bo‘lgan. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Amudaryo tumani tez tibbiy yordam bo‘limi bilan bog‘lanilganda, ushbu ma’lumot tasdiqlangan.
Qayd etilishicha, holat 11 aprel kuni soat 13:10 da sodir bo‘lgan. Tibbiy yordam brigadasi 13:45 da yetib borgan va tog‘dan yiqilib tushgan, 2002 yilda tug‘ilgan V.I.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Yigit Xorazm viloyatidan tashrif buyurgan ziyoratchi bo‘lgan va tibbiy ko‘rik paytida shifokor bilan gaplashgan. Shifoxonaga bormasligi va hamrohlari bilan birgalikda ketishini, o‘zlarining hududiy shifoxonasiga murojaat qilishini aytgan.
“Afsuski, ushbu hududga kelgan ayrim ziyoratchilarning ehtiyotsizligi oqibatida ana shunday holatlar ham yuz berib turibdi. Kechagi holat biz qur’on tilovat qiladigan hududdan sal olisroqda sodir bo‘lgani tufayli, biz keyinroq xabar topdik. Guvohlarning aytishicha, o‘sha holat yuz bergan hududda bir necha yosh yigit tosh ustiga chiqib, undan sakragan holatlarini qo‘l telefonlariga suratga olib turgan bo‘lgan. Yiqilgan yigit ham ana shunday harakatlari va ehtiyotsizlik oqibatida yiqilgan bo‘lishi ham mumkin.
Shu o‘rinda, ushbu hududning mas’ul xodimi sifatida ziyoratga tashrif buyuruvchilar va ularga rahbarlik qilib keluvchilarga bu joy turli xil qiliqlar ko‘rsatib, selfiga tushadigan manzil emasligini uqtirib qo‘ymoqchi edim. Bu – ziyoratgoh! Unga kelib ketishda tartib qoidalarga amal qilsalar va tog‘ga chiqish hamda tushishda xavfsizlik qoidalariga amal qilsalar, bu kabi xunuk holatlarning oldini olgan bo‘lar edik”, deydi “Shayx Jalil bobo” ziyoratgohi mas’ul xodimi Maxsutboy Yakubov.
Ma’lumot uchun, 8 aprel kuni ham bir yosh qiz shu tog‘ga chiqish va tushishda ehtiyotsizligi oqibatida jarohat olgan. Uni ziyoratgoh mas’uli Amudaryo tumani shifoxonasiga olib borgan va unga ham tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi