Qoraqalpog‘istonga yangi prokuror tayinlandi
Jamiyat
−
08 iyun 2020
7906Farxat Yembergenovich Allambergenov Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori etib tayinlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining bugun, 8 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari beshinchi sessiyasi qaror qabul qilindi.
Sessiyani Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Musa Yerniyazov ochib berdi va boshqarib bordi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining 70-moddasi, 10-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori kelishuvi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori lavozimiga shu kungacha Taxiatosh tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Farxat Yembergenovich Allambergenovning nomzodi taklif qilindi va uning tarjimai holi bilan tanishtirildi.
Taklif qilingan nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, bir qator deputatlar va sessiya ishtirokchilari qo‘llab-quvvatlab so‘zga chiqdi.
Sessiyada Allambergenov Farxat Yembergenovich Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori lavozimiga tasdiqlandi.
Farxat Allambergenov mehnat faoliyatini 1994 yili Nukus shahar sudining sud ijrochisi bo‘lib ishlashdan boshlagan. Shundan so‘ng Prokuratura organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Ellikqal’a, To‘rtko‘l, Amudaryo tumanlari va Taxiatosh shahri, shuningdek, Orol tabiatni muhofaza qilish prokurori lavozimlarida ishlagan.
2017 yil 14 avgustdan boshlab Taxiatosh tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritgan.
Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Prokurori lavozimida ishlab kelgan Xidir Karimov boshqa lavozimga o‘tishi munosabati bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi.
LiveBarchasi