Qoraqalpog‘istonda ko‘mirdan oltin ajratib olish fabrikasi quriladi

Jamiyat

image

Bugun, 20 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSHning Vashington shahriga amaliy tashrifdan so‘ng Toshkentga qaytib kelgach, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘zining ulkan maydoni va qazilma boyliklar zaxirasi bilan katta iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega bo‘lgan Qoraqalpog‘istonda 270 million tonna sement, 256 million kub metr qurilish va pardozbop toshlar, 200 million tonna ohak, 31 million kub metr keramzit, 30 million kub metr qurilish qumlari, 27 million kub metr g‘isht xomashyosi, 6,9 million tonna shisha, 6,5 million tonna gips, 4,3 million tonna vermikulit zaxiralari aniqlangan.

Shu bilan birga, shahar va tumanlar, ovullar o‘rtasidagi masofa uzoqligi har bir hududning solishtirma ustunligidan unumli foydalanib, aniq hisob-kitob bilan ishlashni taqozo etadi. Umuman, qayerda sog‘lom muhit, qulay sharoit, adolatli va shaffof tizim bo‘lsa, tadbirkor o‘sha joyda ishlashni xohlaydi, investor ham ana shunday hududga mablag‘ tikadi.

Taqdimotda so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlarga erishilgani qayd etilgan. Jumladan, 8 yil oldin hudud iqtisodiyoti jon boshiga hajm bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, bugun 7-o‘ringa ko‘tarilgan. Sanoat mahsulotining atigi 4 foizi eksportga chiqqan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 30 foizga yetgan. Umumiy eksport 2016 yilga nisbatan 3,5 karra oshib, 2,1 milliard dollar bo‘lgan.

Kelgusi 5 yilda hudud iqtisodiyotini 102,5 trillion so‘mga (2025 yilda 54,3 trillion so‘m bo‘lgan), jon boshiga esa 51 million so‘mga yetkazish, sanoat va xizmatlar sohasida 7,2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Barcha imkoniyatlarni ishga solib, sanoat, xizmatlar va turizm eksportini 900 million dollarga yetkazish muhimligi ta’kidlangan (2025 yilda 435 million dollar bo‘lgan).

Joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Qo‘shimcha ravishda “og‘ir” toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlari hamda 90 ta mahallada kambag‘allikni 2 barobar qisqartirish vazifasi qo‘yilgan.

Taqdimotda investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududga avval berilgan imtiyozlar muddatini uzaytirish taklifi bildirildi. Prezident ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlagan.

Qoraqalpog‘istonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmini 2,5 barobar oshirish (2025 yilda 3,5 milliard dollar bo‘lgan) maqsad qilingani qayd etilgan.

Hudud uchun ishlab chiqilgan yirik investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berilgan.

Sun’iy intellekt sohasi uchun Taxiatosh tumanida modulli intellektual hisoblash markazini tashkil etish, Nukus shahrida avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan texnologik klaster barpo etish, bazalt tolasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, chiqindilarni kuydirish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish, Qorao‘zak tumanida ko‘mirdan oltin ajratib olish fabrikasi, Taxtako‘pir tumanida paxta tozalash va yigirish fabrikasi, Chimboy tumanida ip-kalava ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalari shular jumlasidan.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda mavjud yer resursidan foydalanish darajasi hudud imkoniyatlariga mos emasligi ko‘rsatib o‘tilgan. Mavjud maydonlarning atigi 2,5 foiziga ekin ekilayotgani, qolgan 16 million gektar deyarli ishlatilmayotgani qayd etildi. Iqlimga mos yangi ekin turlarini topib, ularni yetishtirish bo‘yicha ilmiy-amaliy tajribalarni yo‘lga qo‘yish, suvsizlik va sho‘rga chidamli, shu jumladan, farmatsevtika sanoati uchun dorivor giyohlarni katta maydonlarda yetishtirib, eksportni ko‘paytirish vazifalari belgilangan.

Yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha Vazirlar Kengashi raisining alohida o‘rinbosari bo‘lishi belgilangan. Joriy yilda 10 ming gektar yaylovni tiklash, o‘simliklarni sun’iy intellekt asosida monitoring qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish vazifalari qo‘yilgan.

Joriy yilda Qo‘ng‘irot, Chimboy, Beruniy, Bo‘zatov va Qonliko‘lda chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash va qadoqlash loyihalari, Beruniy tumanida yiliga 36 ming tonna chorva va baliq ozuqasi ishlab chiqaradigan zamonaviy agromajmua ishga tushiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘iston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri tayinlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

oltin Qoraqalpog'iston ko'mir fabrikasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing