Qoraqalpog‘iston komendaturasida yangi talab kuchga kirdi 

Jamiyat

image

Endi Qoraqalpog‘istonda joriy etilgan favqulodda holat rejimi sharoitida — kommendatlik soati vaqtida maxsus ruxsatnomalarsiz harakatlanish mumkin emas. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi komendanti, general-mayor Rustam Jo‘rayev ma’lum qildi.

Jo‘rayevga ko‘ra, maxsus ruxsatnomalarni berish vakolati tuman, shahar ichki ishlar idoralari boshliqlariga yuklatilgan.

“Qoraqalpog‘istonda joriy etilgan kommendatlik soati vaqtida bugun, 4 iyuldan boshlab, belgilangan vaqt davomida harakatlanish uchun tashqilotlar, mahalla yig‘inlarining so‘rovi asosida maxsus ruxsatnomalar tarqatilishi yo‘lga qo‘yildi. Ruhsatnomalarni berish vakolati tuman, shahar ichki ishlar idoralari boshliqlariga yuklatildi”, deydi hudud komendanti.

Ta’kidlanishicha, favqulodda holat davrida jamoat tartibini saqlash, muhim qo‘riqlanayotgan obe’ktlar hamda aholining hayot faoliyatini ta’minlovchi infratuzilma obe’ktlari: shifoxonalar, dorixonalar, suv-gaz ta’minoti va boshqa aholi ehtiyojlari uchun zarur ob’ektlar qo‘riqlovi kuchaytirilgan. Fuqaro hamda transport vositalarining harakati cheklangan. 

Shahar-tuman hududlariga kirish davrida fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lishi shartligi joriy etilgan, ommaviy tadbirlar o‘tkazish taqiqlangan. 

“Yuqorida qayd etilgan faoliyatlarning taqiqlanishi, bu barcha faoliyatlarning to‘xtatilishi degani emas. Ertalab soat 7:00 dan 21:00 gacha bo‘lgan vaqt mobaynida fuqarolar bemalol piyoda va avtoulovda harakatlanishi mumkin. Lekin shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini yonida olib yurishi tavsiya qilinadi”, deya ta’kidladi hudud komendanti.

Shuningdek, oilalarda o‘tkaziladigan marosimlar, mahallalarda tashkillashtirilayotgan sport musobaqalari, vatanparvarlik ruhidagi tadbirlar, nuroniy yoki yeshlar bilan uchrashuvlarni o‘tkazishga joylardagi mahalla raislari, mahalliy hokimiyat idoralarining so‘rovi asosida komendant ruxsati bilan 21:00 ga izn beriladi.

Kommendantlik soati vaqtida fuqarolar yonida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari va ruxsatnomasi bo‘lmagan taqdirda patrul naryadi tartibiga ko‘ra, qarshilik ko‘rsatmagan holda hududiy ichki ishlar idorasiga borishlari lozim. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniylik va huquq-tartibotni tiklash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022 yil 3 iyul kuni soat 00:01 dan 2022 yil 2 avgust kuni soat 00:00 ga qadar bo‘lgan davrda favqulodda holat joriy etilgan. Favqulodda holat davrida soat 21:00 dan 7:00 gacha komendantlik soati amal qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1692

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing