Qoplon uyga kirib, bir oilaning olti a’zosiga hujum qildi
Olam
−
08:53 2657 2 daqiqa
Hindistonning Maxasamut tumanida qoplon uyga kirib, bir oilaning 6 nafar a’zosiga hujum qildi. Ulardan 3 nafari og‘ir jarohatlandi. Bu haqda “The Times of India” xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 4 oktyabrga o‘tar kechasi soat 01:30 larda Bagbaxara o‘rmon hududiga qarashli Jxitki qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Qoplon 55 yoshli Uttaribay Yadav hojatxonaga chiqish uchun uydan tashqariga chiqqan paytda unga tashlangan. Ayolning qichqirig‘ini eshitgan oila a’zolari yordamga yugurib chiqqan, biroq qoplon uyga kirib, ularga birin-ketin hujum qilgan.
Hujum oqibatida Sarju Yadav (60 yosh), Uttaribay Yadav, Janakram Yadav, Manish Yadav (18 yosh), Tushar Yadav (15 yosh) va Sunita Yadav (32 yosh) jarohatlangan. Ulardan uch nafari og‘ir ahvolda bo‘lgani uchun Raypur shahriga yuborilgan.
Vahima paytida oila a’zolari uydan chiqib, qoplonni xonalardan biriga qamab qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng politsiya va o‘rmon xodimlari uy atrofini o‘rab olgan. Nava Raypurdagi “Jungle Safari“ bog‘idan 10 kishilik qutqaruv guruhi voqea joyiga yetib kelib, qoplonni tutish ishlarini boshlagan.
Mutaxassislar uyning tuzilishi va qoplonning joylashuvini o‘rganib, bir necha soatlik operatsiyadan so‘ng hayvonni qafasga tushirgan. Mutasaddilar qoplon xavfsiz hududga ko‘chirilishini bildirgan.
Jarohatlangan olti kishining barchasi dastlab Bagbaxara jamoat salomatligi markaziga olib borilgan, keyin Maxasamund tibbiyot kolleji shifoxonasiga ko‘chirilgan. Ulardan 3 nafari keyinchalik Raypurga yuborilgan.
Mazkur hodisadan bir kun avval Pandripani yaqinidagi Karipat o‘rmonida o‘tin terayotgan odamga ham qoplon hujum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hayvon unga ikki marta tashlangan. U qo‘lidagi bolta yordamida qoplonni qaytargan. U bir necha joyidan tirnoq jarohatlari olgan va hozir Maxasamutda davolanmoqda. O‘rmon mutasaddilari ikki hujumda ham aynan bir qoplon qatnashgan-qatnashmaganini hozircha aniqlamagan. Ketma-ket sodir bo‘lgan hujumlar Jxitki, Pandripani va o‘rmonlarga tutash boshqa qishloqlarda xavotir uyg‘otgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Gvineyaning Port-Morsbi shahridagi “Adventure Park” hayvonot bog‘ida timsoh bog‘ xodimiga hujum qilib, uni o‘ldirgandi.
Live
Barchasi