Qonunchilik jarima deydi, mas’ul tushuntirish. “Maska”sizlar jarimaga tortiladimi?
Jamiyat
−
10 yanvar 2022
11322O‘zbekistonda niqobsiz yurgan fuqarolar jarimaga tortilmaydi. Bu haqda bugun, 10 yanvar kuni mamlakatga “omicron” kirib kelishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, agar ko‘cha-kuyda kimdir niqobsiz yurgan bo‘lsa, Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari unga faqat tushuntirish beradi.
“Kuni kecha Bosh vazir ishtirokida Maxsus komissiyaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Aynan shu komissiya majlisida Ichki ishlar Milliy gvardiya xodimlariga jamoat joylarida har bir fuqaro bilan tushuntirish ishlari olib borishi, fuqarolar bilan chiroyli muomalada bo‘lib, niqob taqmagan fuqarolarga birinchi navbatda vaziyatni tushuntirish kerakligi aytildi. Shu bilan birga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga kerakli miqdorda niqoblar berilgan. Ish davomida niqobsiz fuqarolarning barchasiga niqob tarqatish ham aytilgan. Hech qanday “shtraf” degan gap yo‘q”, dedi mas’ul.
Shuningdek, IIO va Milliy gvardiya xodimlari yetarli miqdorda niqob bilan ta’minlanadi va o‘z navbatida ular niqobsiz yurgan fuqarolarga beradi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Ma’muriy javobgarik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.
Kodeksga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda joriy yilning 7 yanvarida koronavirusning “omicron” shtammiga chalingan ilk bemor aniqlangan. Shuningdek, mamlakatda koronavirusga chalinish bo‘yicha kunlik holatlar soni yana ortgan. Xususan, kecha, 9 yanvar kuni 389 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilib, jami kasallanganlar soni 200730 nafarga yetdi.
LiveBarchasi