Qodirov Erdo‘g‘anni “Azovstal”dagi ishlarga aralashmaslikka chaqirdi
Olam
−
16 may 2022
13831Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga murojaat qilib, Mariupoldagi “Azovstal” zavodi hududida joylashgan ukrainalik harbiylarga yordam bermaslikka chaqirdi. Bu haqda Qodirov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Qodirov Erdo‘g‘anning evakuatsiya rejasi haqidagi bayonotlarini tanqid qilgan, biroq musulmon davlati rahbarini hurmat qilishini ta’kidlagan. Shuningdek, Checheniston rahbari "Azov" polkini “Donbass aholisini o‘ldirishda aybdor bo‘lgan fashistik jinoiy qurolli tuzilmasi” deb atagan.
“Men Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga murojaat qilaman: Azov xalqi qotil va ateistlardir, ular endi o‘zlarini sizlarga Rossiya tajovuzining begunoh qurbonlari sifatida ko‘rsatmoqchi. Sizning yordamingiz bilan sud va munosib jazodan qochishni xohlaydigan jinoyatchilarga aldanmang", deb yozgan Qodirov.
Checheniston rahbarining fikricha, Rossiya musulmonlari Turkiyaning Ukrainaga “Bayraktar” uchuvchisiz uchish apparatlarini yetkazib berganidan norozi bo‘lgan. Musulmonlar Anqara “islomning ashaddiy muxoliflari va qoralovchilarini evakuatsiya qilishga” tayyorligi haqidagi xabarni ham yomon qabul qilishgan.
Avvalroq, Turkiya “Azovstal” zavodidan yarador bo‘lgan ukrainalik harbiylarni evakuatsiya qilish uchun kema jo‘natishni taklif qilgandi. Turkiya Prezidenti maslahatchisi Ibrohim Kalin rejaga ko‘ra, yarador askarlar Berdyanskka yetkazilishi, u yerdan turk kemasi bilan Istanbulga olib ketilishi kerakligini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 19 aprel kuni tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi (DXR) xalq militsiyasining harbiy guruhlari Mariupoldagi “Azovstal” zavodi hududiga hujum boshlagandi.
Keyinroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Azovstal”ga hujumni to‘xtatishni va uni qurshab olishni buyurgandi. Biroq shundan keyin ham zavodga hujumlar amalga oshirildi.
Joriy oy boshida esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Mariupol shahridagi “Azovstal” zavodidan Rossiya qo‘shinlari tomonidan bloklab qo‘yilgan 500 ga yaqin odam evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi