Qobulda ayollar namoyishga chiqdi. Toliblar qurol ishlatdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Afg‘oniston poytaxti Qobulda “Tolibon” harakati azolari ayollar namoyishini tarqatish uchun havoga o‘t ochdi. Bir nechta odam jarohatlandi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Namoyishchilar bir yil avval “Tolibon” Qobulga kirgan sana – 15 avgust kuni arafasida ko‘chaga chiqdi. Ayollar erkinlik, ta’lim va mehnat huquqini himoya qilish uchun shiorlar bilan miting o‘tkazdi.

Qayd etish kerakki, butun dunyo "Tolibon"dan ayollarning o‘qishi va ishlashi, inklyuziv hukumat tuzishi va inson huquqlarini himoya qilishini kutyapti. Joriy yilning 26 iyul kuni Toshkentda o‘tgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilari ham toliblar berilgan va’dalarni bajarishi kerakligini ta’kidladi. Unda Afg‘onistondan Muvaqqat hukumatda Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqi ishtirok etdi.

2021 yil avgust oyi boshida “Tolibon” afg‘on hukumat kuchlariga qarshi hujumni kuchaytirib, 15 avgust kuni Qobulga kirib keldi va ertasi kuni urush tugaganini e’lon qildi. Avgust oyining so‘nggi ikki haftasida AQSH harbiylari himoyasida bo‘lgan Qobul aeroportidan G‘arb fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar ommaviy evakuatsiya qilindi.

31 avgustga o‘tar kechasi amerikalik harbiylar Qobul aeroportini tark etib, AQSHning Afg‘onistondagi qariyb 20 yillik harbiy missiyasiga yakun yasadi. Sentyabr oyi boshida Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibi e’lon qilindi, unga Muhammad Hasan Oxund rahbar bo‘ldi. U “Tolibon”ning birinchi hukmronligi davrida TIV rahbari bo‘lib ishlagan va 2001 yilda BMTning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

374

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing