Qobul aeroportidagi taloto‘p necha kishining boshiga yetgani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

So‘nggi bir haftada Qobul aeroportidagi evakuatsiya jarayonlarida kamida 20 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “Reuters” agentligi bugun, 22 avgust kuni NATO vakiliga tayanib xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va boshqa davlatlar o‘z fuqarolarini va boshpana so‘ragan afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilish bo‘yicha operatsiyalarni olib bormoqda. Lekin bu jarayon Qobul aeroportida har kuni mamlakatni tark etishga urinayotganlar soni ortib borayotgani bilan murakkablashmoqda.

“Bizning kuchlarimiz “Tolibon” bilan to‘qnashuvlarni oldini olish maqsadida Qobul aeroportining tashqi hududlariga chiqmay, masofani ushlab turibdi. Biz barcha chet el fuqarolarini eng qisqa vaqt ichida evakuatsiya qilishga e’tibor qaratmoqdamiz”,  deydi NATO vakili.

Qayd etish kerakki, Afg‘onistonda hokimiyat toliblar qo‘liga o‘tishi bilan, mamlakatni tark etishni istovchilar soni keskin oshib ketdi. Bu esa Qobul aeroportida vahim va taloto‘plarni yuzaga keltirdi. Sarosimaga tushgan afg‘onistonliklar aeroportni boshiga ko‘tarib, duch kelgan samolyotga osildi. Ushbu holatda amerikalik harbiylar dastlab, havoga, keyin odamlarga qarata o‘q uzishgacha borgan. Oqibatda bir necha kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Bundan tashqari, uchib ketayotgan samolyot kuzoviga osilgan afg‘onistonliklarning yiqilib o‘lishi holatlari ham kuzatildi.  

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

235

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing