QQS foizi kamaytirilgan bo‘lsada, narxlar tushish o‘rniga oshdi – PMTI

Jamiyat

image

O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘ining 15 foizdan 12 foizga tushirilishi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelmadi. Bu haqda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari o‘rganish olib bordi.

Qayd etilishicha, tahlilda QQS to‘lovchi va asosan rasmiy ish yurituvchi hisoblangan supermarketlar narxlari asos qilib olingan hamda 97 turdagi 3754 ta iste’mol tovari bo‘yicha 4 oylik statistika data-scraping yo‘li bilan yuklab olingan. 

Har bir tovar turi bo‘yicha dekabr va yanvar oylarida narxlar o‘rtasidagi o‘zgarish (treatment group) noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishi (control group) bilan solishtirilgan.

“Natijalar shuni ko‘rsatadiki, QQS 15 foizdan 12 foizga tushirilishi narxlarning tegishli ravishda tushishiga olib kelmagan. Jumladan, dekabr-yanvar oylaridagi narxlardagi o‘zgarish noyabr-dekabr va yanvar-fevral oylaridagi narxlar o‘zgarishiga nisbatan 0,3 foizga ko‘p bo‘lgan. Bu degani boshqa barcha omillar ta’sir kuchi to‘xtatib turilgan taqdirda ham 2,6 foizga tushishi kerak bo‘lgan narxlar 0,3 foizga oshgan”, deyiladi tahlilda. 

Shuningdek, garchi O‘zbekistonda QQS pastlagan bo‘lsada, bu 46 ta guruh bo‘yicha 1115 ta tovar narxi o‘zgartirilmagan. Masalan, bolalar ozuqasi, muzqaymoq, makaron, tana parvarishi mahsulotlari va boshqalar.

“20 ta guruh bo‘yicha 1306 ta tovar narxi 1 foizgacha oshgan. Bular shokolad, shirinlik, gigiyena maxsulotlari va boshqalardir. 12 ta guruh bo‘yicha 585 ta tovarlar – kir yuvish kukunlari, meva, go‘sht maxsulotlari, sut narxlari 1-5 foizga oshgan. Faqatgina 7 ta guruh bo‘yicha 567 ta tovarlar –kanselyariya tovarlari, souslar, kofe narxlari 1,6 foizgacha pasaygani kuzatilgan.

Avvalroq PMTI ekspertlari input-output modeli asosida iqtisodiyotning 78 ta tarmoqlari uchun QQS stavkasining 3% bandga pasaytirilishi xarajatlar kamayishiga va buning hisobiga iqtisodiyotning real sektorida narxlarning 0,8% bandga pasayishiga olib kelishini aniqlagandi. 

Ammo hozircha amaliyotda tadbirkorlar soliqdan olgan yengillikni iste’molchiga o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilmayapti.

QQSning tushirilishi narxlar darajasiga ta’sir etmaganining asosiy sabablari qatoriga quyidagilar kiritilgan:

  • iste’mol tovarlari bozorida xufiyona iqtisodiyot ulushining kattaligi va soliqlardagi pasayishlar rasmiy ishlayotgan firmalarning nisbatan kichik miqdordagi foyda marjasini oshishiga yo‘naltirilishi;
  • bozorlarda tegishli ravishda raqobat muhitining shakllanib ulgurmagani;
  • narxlarga ta’sir etuvchi boshqa asosiy omillar (dollar kursi, qayta moliyalash stavkasi, pul massasi va b.) ta’sir kuchining oshib borishi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirilishini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing