QQS 12 foizga tushirilyapti, kichik biznesdagi tadbirkorlarga yengillik beriladi

Olam

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida “2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov ishtirok etdi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’ati murakkab geosiyosiy vaziyat fonida 2021 yildagi 7,4 foizdan 2022 yilda 5,7 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. 

Iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 2023 yilda 5,3 foiz atrofida, 2024 yilda 5,6 foiz, 2025 yilda esa 6,0 foiz miqdorida bo‘lishi prognoz qilinyapti. 

Jahon bozorida oziq-ovqat va yonilg‘i narxlarida kuzatilayotgan tebranishlar natijasida O‘zbekistonda 2022 yilda inflyatsiya darajasi 12-12,3 foiz atrofida bo‘lishi, 2023 yilda 9,5 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilar ekan, murakkab geosiyosiy vaziyatda pasayish kutilayotgan bir sharoitda aholining ijtimoiy muhofazasi qanday bo‘lishiga e’tibor qaratgan.

Qayd etilganidek, 2023 yilgi Davlat byudjeti xarajatlarida ijtimoiy himoya xarajatlarining oshirilishi ko‘zda tutilayotgan bo‘lib, bir qancha yangiliklar joriy etilmoqda. Xususan, barcha tadbirkorlik sub’ektlarida ishlovchi ayollarning homiladorlik nafaqa pulini byudjet mablag‘lari hisobidan to‘lab berish tizimi, ta’lim krediti uchun davlat byudjetidan tijorat banklariga maqsadli resurslar ajratish 2 barobarga oshirilishi, magistratura bosqichida tahsil olayotgan xotin-qizlar to‘lov kontrakti Davlat byudjetidan qoplanishi, mahallabay ishlash, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlashning yangi tizimlarining joriy etilishi shular jumlasidandir.

Shuningdek, oliy ta’lim qamrovining keskin oshayotgani munosabati bilan davlat-xususiy sheriklik va davlat oliy ta’lim tashkilotlarining buyurtmalari asosida talabalar turar joyini barpo etish bo‘yicha loyihalar uchun subsidiyalarning oshirilishi, eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish xarajatlarining oshirilishi, energetika sohasi, umumiy transport va issiqlik ta’minoti korxonalari tomonidan tariflarini past narxlarda ushlab turilishi natijasida ko‘rilgan zararni qoplash xarajatlarining oshirilishi kabi muhim ijtimoiy masalalar nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, qator soliq bo‘yicha qator yangiliklar ham bor. 2023 yil 1 yanvardan qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish ko‘zda tutilmoqda. Qonun loyihasida kichik va o‘rta biznes rivojlanishini rag‘batlantirish maqsadida tovar aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan kichik biznes toifasiga kiruvchi tadbirkorlar uchun 1 yil davomida foyda solig‘i stavkasini 2 baravarga pasaytirish nazarda tutilmoqda.

Yuqoridagi jihatlar qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasi dasturiy maqsadlariga har tomonlama mos kelishi ta’kidlandi.

Qonun loyihasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlari daromadlarning prognozini oshirib bajarishdan olingan mablag‘larning bir qismini tumanlar va shaharlar byudjetlariga hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun berishga haqli ekani belgilanayotgani muhim ahamiyatga ega. Xalq demokratik partiyasi hududiy Kengashlardagi partiya guruhlari orqali bu huquq va imkoniyatdan kengroq foydalanishga harakat qiladi.

Deputatlar 2023 yilga mo‘ljallangan davlat byudjetida ijtimoiy himoyaga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidlab, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

92

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing