QQS hisob-kitobi uchun tovarlarning bozor qiymati qanday aniqlanadi?

Jamiyat

image

Vazirlar Mahkamasining “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan bog‘liq soliq ma’murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan QQS bazasini tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom QQS bazasini tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqib aniqlash tartibini belgilaydi va quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:

1) tovarlarni (xizmatlarni) boshqa tovarlarga (xizmatlarga) ayirboshlab realizatsiya qilishda;

2) agar SKning 239-moddasi birinchi qismi 2-bandida yoki ikkinchi qismining 2-bandida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tovarlarni (xizmatlarni) bepul berishda (ko‘rsatishda);

3) yuridik shaxsning mol-mulkidan SKning  239-moddasi to‘rtinchi qismi 6-bandiga muvofiq shaxsiy maqsadlarda foydalanishda.

Bunda tovarlarni bepul berish yoki bepul xizmatlar ko‘rsatish shartlardan hech bo‘lmaganda biriga rioya etilganda iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi deb e’tirof etiladi:

1) daromad olishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadida qilingan bo‘lsa;

2)  shunday tadbirkorlik faoliyatini saqlash yoki rivojlantirish uchun zarur bo‘lsa va xarajatlarning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liqligi asoslantirilgan bo‘lsa;

3) qonun hujjatlari qoidalaridan kelib chiqilgan bo‘lsa.

Yuqorida ko‘rsatilgan bitimlarni (operatsiyalarni) amalga oshirayotganda tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatini aniqlash uchun quyidagi axborot manbalaridan foydalaniladi:

•    o‘zining narxga doir ma’lumotlari (prays-varaqlar);
•    axborot-narx agentliklari va OAVdan olingan ma’lumotlar;
•    birja xabarlari;
•    Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan e’lon qilinadigan yoki so‘rovga ko‘ra taqdim etiladigan tashqi savdoning bojxona statistikasi;
•    qonun hujjatlarida belgilangan hollarda narxlarni belgilash uchun normativlarni o‘rnatadigan vakolatli organlarning ma’lumotlari.

Bunday ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganda bozor qiymati baholovchi tashkilotlarning xulosalari asosida yoxud xarajatlarni indeksatsiyalash usulidan foydalangan holda aniqlanadi.

Tovarlarning bozor qiymatini aniqlashda o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida bitimlar tuzishda narxlarga qo‘yiladigan odatdagi ustamalar yoki chegirmalar hisobga olinadi.  Bunda quyidagi omillar hisobga olinadi:

•    tovarlarga nisbatan bo‘lgan iste’mol talabining mavsumiy va boshqa tebranishlari;
•    tovarlarning sifat yoki boshqa iste’mol xususiyatlarini yo‘qotishi;
•    tovarlarning yaroqlilik yoki realizatsiya qilish muddatlarining tugashi;
•    marketing siyosati, shu jumladan, unga o‘xshash tovarlar bo‘lmagan yangi tovarlarning (xizmatlarning) bozorga kirib borishi, shuningdek, tovarlarning (xizmatlarning) yangi bozorlarga kirib borishi;
•    iste’molchilarni ular bilan tanishtirish maqsadida tovarlarning tajriba modellari va namunalarini realizatsiya qilish.

Soliq organlari bitimning narxi tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan farq qiladigan (u yoki bu tomonga) qiymatini qo‘llangani dalili aniqlangan taqdirda (SKning 248-moddasi to‘rtinchi qismi) soliq bazasiga tuzatish kiritishga haqli. Shu bilan birga kiritiladigan o‘zgartirishlar SKning 223 yoki 224-moddalarida nazarda tutilgan moliyaviy jarimalarni qo‘llashga olib kelmaydi.

Soliq to‘lovchi soliq organining qarori yuzasidan bitimning qiymati bozor narxlariga muvofiqligini va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashga qaratilmaganligining asoslarini taqdim etish yo‘li bilan nizolashishga haqli.


Maqola muallifi

Teglar

soliq QQS

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing