Qirg‘izistonda bir qator OAV ekstremistik nashrlar deb e’lon qilindi
Olam
−
28 Oktabr 2025 2249 2 daqiqa
Bishkekning Oktyabr tuman sudi prokuratura talabini qanoatlantirdi va “Temirov Live”, “Kloop.kg” va “Ayt Ayt Dese” medialoyihalari materiallarini ekstremistik deb topdi. Bu haqda “Kaktus.media” xabar berdi.
Sud qarori bilan jurnalistlar Bolot Temirov va Rinat Tuxvatshin boshqarayotgan ushbu ommaviy axborot vositalari hamda ularning internet resurslari faoliyati taqiqlangan. Taqiq nafaqat yangi materiallarni chop etishga, balki ularning sahifalari va onlayn platformalarida mavjud materiallarga kirishga ham tegishli.
“Temirov Live” va “Ayt Ayt Dese” jurnalist Bolot Temirovga aloqador, “Kloop.kg” esa Rinat Tuxvatshin asos solgan “Kloop Media” fondi loyihasidir. Har uch nashr ham o‘zini Qirg‘izistonda mustaqil axborot manbasi sifatida ko‘rsatib, muqobil istiqbollarni taqdim etib, mamlakatdagi dolzarb voqealarni yoritib boradi.
Qirg‘iziston Raqamli rivojlanish va innovatsion texnologiyalar vazirligi huzuridagi Aloqa sohasini tartibga solish va nazorat qilish xizmati yuqorida qayd etilgan nashrlarning internet-resurslarini blokirovka qilishni nazarda tutuvchi qarorning mas’ul ijrochisi etib tayinlandi.
Jurnalist Bolot Temirov 2023 yilning noyabrida Qirg‘izistondan deportatsiya qilingan va besh yilga mamlakatga kirishi taqiqlangan edi. Rinat Tuxvatshin ham xorijda.
2023 yilning oxirida Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi “Ayt Ayt Dese” va “Temirov Live” sahifalari monitoringi natijasida ommaviy tartibsizliklarda ishtirok etishga chaqiriqlar bo‘lgan ma’lumotlar aniqlangani haqida xabar bergan edi. Bunga javoban jinoyat ishi ochildi, 11 jurnalist hibsga olinib, norozilik namoyishlari va tartibsizliklarga qo‘zg‘atishda ayblandi.
2024 yilning oktyabr oyida “Temirov Live” va “Ayt Ayt Dese” rejissyori Muhabbat Tojibek qizi olti yilga, Azamat Ishenbekov besh yilga, ikki jurnalist esa uch yillik sinov muddatiga hukm qilindi. Qolgan sudlanuvchilar dalil yo‘qligi sababli oqlandi.
“Kloop.kg” tahririyati bir necha yillardan beri rasmiylar tomonidan bosimga duchor bo‘lmoqda. 2023 yilning kuzida nashrning sayti bloklandi, 2024 yilning fevralida esa sud loyihaning yuridik shaxsi – “Kloop Media” jamoat fondini tugatdi.
2025 yilning sentyabrida nashrning to‘rt nafar sobiq xodimi – ikki operator va ikki hisobchi “norozilik uyg‘otish va ommaviy tartibsizliklar uyushtirish”da ayblangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) tomonidan 35-Xalqaro matbuot erkinligi mukofotlari g‘oliblari aniqlangandi.
Mukofotlanganlar orasida qirg‘izistonlik tadqiqotchi jurnalist Bolot Temirov ham bor. Xabarlarga ko‘ra, u Markaziy Osiyoda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha eng ko‘zga ko‘ringan muxbirlardan biri. Xavfsizlik tahdidi tufayli Qirg‘izistonni tark etishga majbur bo‘lgan va muhojirlikda ishlashda davom etmoqda.
Live
Barchasi