“Qizlik pardasining anatomik butunligi buzilgan”. IIV “tilga kirdi”

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Ayni vaqtda Termiz shahrida yashovchi 16 yoshar o‘quvchi qizning zo‘rlanishi va bunga qo‘l urgan gumondorga nisbatan Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 14 oydan buyon jinoyat ishi ochilmay, ish “yopdi-yopdi” qilib kelingani kun tartibida turibdi. 

Mazkur holat Surxondaryo viloyat prokuraturasi bayonot bilan chiqib, joriy yilning 5 aprel kuni prokuratura tomonidan IIBning jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun Termiz shahri bo‘yicha IIO FMBga yuborilgani va yurituvga olingani ma’lum qilingandi. Va nihoyat holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ham "tilga kirib", hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani va mas’ul xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanganini xabar qildi. 

Tergov departamenti ma’lumotida qayd etilishicha, “Termiz shahrida yashovchi fuqaro R.S. Termiz shahri bo‘yicha IIO FMB 1-sonli IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda qizi 2003 yilda tug‘ilgan S.Ch.ni oldindan tanishi bo‘lgan 1994 yilda tug‘ilgan B.E. ismli yigit 2020 yilning yanvar oyida Termiz shahrida joylashgan restoranning qorovulxonasida zo‘rlab, nomusiga tekkanligini ma’lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Termiz shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertizaning 2020 yil 18 mart kungi xulosasida fuqaro S.Ch.ning badanida tan jarohatlari va ularning izlari aniqlanmaganligi, qizlik pardasining anatomik butunligi buzilganligi, lekin hodisa ancha oldin bo‘lganligi sababli buzilish muddatini aniqlashning imkoniyati yo‘qligi ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari S.Ch.dan olingan kiyimlar bo‘yicha nisbatan sud-biologik va sud-kriminalistik ekspertizalar tayinlanib, protsess ishtirokchilari tomonidan taqdim qilingan barcha ashyoviy dalil tariqasida baholanishi mumkin bo‘lgan narsalar olinib, tergovga qadar tekshiruv materiallariga qo‘shilgan”.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv jarayonida bir qator tergov harakatlari amalga oshirilib, ishga aloqador fuqarolardan tushuntirish xatlari olingan. Bundan tashqari, mazkur holat doirasida sud-psixologiya hamda sud-psixiatriya ekspertizalari tayinlanib, xulosalari ish materiallariga qo‘shilgan.

Mazkur holat yuzasidan 16.03.2021 yilda fuqaro B.E.,ning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmaganligi asosi bilan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

Termiz shahar prokuraturasi tomonidan 05.04.2021 yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun Termiz shahri bo‘yicha IIO FMBga yuborilgan va yurituvga olingan.  

“Mazkur holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti ko‘rsatmasiga binoan mas’ul xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruv tayinlangan.

Hozirda Termiz shahri bo‘yicha IIO FMB 4-sonli IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan 06.04.2021 yilda sudga oid qayta komission tibbiy ekspertiza tayinlanib, to‘plangan hujjatlar Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika sud-tibbiyot ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga yuborilgan.

Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va uning yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi Tergov departamenti xabarida. 

Ma’lumot o‘rnida, jabrlanuvchi qizning ota-onasi adolatni qaror toptirish, jinoyatni amalga oshirgan shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab bir yildan beri Termiz shahar IIO FMBga va boshqa ma’muriy idoralarga qilgan barcha murojaatlari e’tiborsiz qodirilgan. Ayniqsa, Termiz shahar IIO FMB tomonidan mazkur voqea bo‘yicha sifatsiz tekshirishlar o‘tkazilganligi, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar qabul qilganligi hamda jinoyatni amalga oshirgan shaxsning do‘stlari Termiz shahar IIO FMBda faoliyat yuritishi, shu sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotgani ota-onaning so‘nggi chora sifatida Senatga murojaat qilishiga sabab bo‘lgan. 


Maqola muallifi

Teglar

IIV

Baholaganlar

2208

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing