Qizlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi muhimmi? Odamlar nima deydi?

Jamiyat

O‘zbekchilikda shunday bir tushuncha borki, ayrim oilalarda Qiz bolaning oliy ma’lumotli bo‘lishi shart emas. Turmushga chiqib, qaynona va qaynotasini, turmush o‘rtog‘onining xizmatini qilsa bo‘ldi, deyishadi. Vaholanki, bugun qator rivojlangan davlatlarda ayollar nafaqat jamiyatda, balki siyosat va davlat ishlarida ham o‘z o‘rniga ega.

Katta siyosatda ham o‘zining mustahkam o‘rnini topgan ayollar qatorida Germaniya kansleri Angela Merkel, Estoniya Bosh vaziri Kaja Kallas, Moldova Prezidenti Mayya Sandu, Finlyandiya Bosh vaziri Sanna Marin va Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksenni keltirish mumkin. Oxirigacha sanaydigan bo‘lsak, bu ro‘yxat hali ancha davom etadi. O‘zbekistonda turli sohalarda katta yutuqlarga erishayotgan, rahbarlik lavozimlarini egallayotgan xotin-qizlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Ammo bu hali yetarli darajada emas. Balki bu yetishmovchilikning asosi o‘zbeklarning “qizlar o‘qimasa ham bo‘ladi” degan “aqida”sida yotgandir.

Bugungi kun qizlar ham yigitlar kabi o‘qishi va o‘z karerasini qurishini talab qilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida qizlarning o‘qishi kerakligi haqida gapirib, shunday degandi:

“Qizlarimiz bilmaydi, tushunmaydi o‘qimaydi, deymiz. Chunki ularni o‘zimiz o‘qitmaymiz-da. Menga sohani rivojlantirishni ilmiy asoslab tushuntirib, shunday batafsil ma’lumot berishdiki, ularning intilishiga havasim keldi, mehrim oshdi. Ayollarimizning bilimi, malakasi kuchli. Yuzaga chiqarish kerak. Bunday olima ayollarimiz, qizlarimiz oilasiga ham, atrofdagilarga ham foyda keltiradi, o‘zidan ilm nurini sochadi”.

QALAMPIR.UZ aholi o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi. Respondentlarga esa  quyidagicha savol berildi: qizlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi muhimmi? Fuqarolarga ushbu savol bilan yuzlanganimizda ayrimlar “Ha, qizlarning o‘qishi, albatta, muhim”, degan bo‘lsa, boshqalar “Qiz bolaning oliy ma’lumotli bo‘lishi unchalik ham shart emas”, deya javob qaytardi. Xo‘sh bu borada sizning fikringiz qanday?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

101

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing