“Qizil” imperiya ibtidosi. Rossiyadagi oktyabr inqilobining biz bilmagan sirlari
Bu qiziq
−
26 Oktabr 2021
44092“Har qanday inqilobni daholar tayyorlaydi, mutaassiblar amalga oshiradi, uning mevasidan esa muttahamlargina bahramand bo‘ladi”.
Germaniya kansleri Otto fon Bismark
XX asrda insoniyat ikkita Jahon urushi va ko‘plab inqiloblarni boshdan o‘tkazdi. XX asr boshida Rossiyada yuz bergan oktyabr inqilobi dunyo tarixiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu inqilob rus adabiyotlarida “Buyuk oktyabr g‘alabasi” deb ataldi. Ammo o‘tgan asrning 90-yillarida amalga oshirilgan izlanishlar natijasida oktyabr inqilobiga tegishli bo‘lgan ayrim maxfiy ma’lumotlar dunyo yuzini ko‘rdi.
1917 yil 25 oktyabr Rossiya poytaxti Petrograd (hozirgi Sankt-Peterburg) shahri tun. Kutilmaganda shaharda g‘ala-g‘ovur boshlandi. Qo‘liga qurol ko‘targan olomon Muvaqqat hukumat joylashgan qishki saroy tomon yo‘l oldi. Shu tariqa Rossiyada navbatdagi inqilob boshlandi. Bugungi maqolamizda, bundan 104 yil avval, Rossiyada amalga oshirilgan oktyabr inqilobining kelib chiqish sabablari va ayrim maxfiy ma’lumotlar haqida so‘z yuritamiz.
Qonli yakshanba
XIX asrda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan Rossiya imperiyasi XX asrga kelganda Yevropaning qoloq davlatlaridan biriga aylanib qolgandi. 1905 yil 9 yanvar yakshanba, Petrograd shahri qishning ayozli sovuq kunlari, 200 ming kishidan iborat olomon imperatorning qishki saroyiga qarab yo‘l oldi. Qo‘lida imperator portretini ko‘tarib olgan odamlar tinch namoyish o‘tkazishni niyat qilishgandi. Biroq bunday bo‘lmadi. Hukumat buyrug‘i bilan qurolsiz namoyishchilar o‘qqa tutildi. Taxminan 130-200 kishi o‘ldi, 500-700 kishi yarador bo‘ldi. “Qonli yakshanba” butun Rossiyani g‘azabga keltirdi. Xalq orasida podshohga bo‘lgan ishonch pasayib ketdi. Bu voqealar Rossiyada inqiloblarning boshlanishiga sabab bo‘ldi.
Birinchi jahon urushi
1914 yil 28 iyul kuni Birinchi Jahon urushi boshlanib ketdi. 6 avgust kuni Avstriya-Vengeriya Rossiya imperiyasiga urush e’lon qildi. Shu tariqa qoloq Rossiya urushga tortildi. 1917 yilga kelganda, urushning cho‘zilib ketishi Rossiyani holdan toydirdi. Mamlakatda ocharchilik, ishsizlik hukm surar edi. Uch yil ichida yuz minglab rus askarlari frontda halok bo‘ldi. Imperator armiyasiga o‘q-dori va harbiy texnika yetishmas, armiyaning jangovar ruhiyati ham tushib ketgan edi.
Fevral inqilobi
1917 yilning fevral oyi, so‘nggi kunlarda Petrograd shahar aholisiga non va un yetishmas, ikki dona non olish uchun to‘rt soat navbat kutishga to‘g‘ri kelardi. Bundan tashqari, urush oqibatida ko‘plab zavod va fabrikalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Ishsiz, och qolgan shahar aholisi sovuq bilan ayovsiz kurash olib borardi. Bu azoblar odamlarda norozilik kayfiyatini vujudga keltirdi. 19 fevral kuni ishsiz qolgan odamlar, och qolgan xalq imperator saroyi tomon yura boshladi. Bu vaqtda imperator Nikolay II o‘z armiyasini ko‘zdan kechirish uchun Petrograddan 700 kilometr uzoqlikdagi Mogilyov shahriga borgan edi. Bu vaziyatda saroyda qolgan qirolicha Aleksandra Feyodorovna shahar markaziga o‘tuvchi Troitskiy va Dvorsoviy ko‘prigini ko‘tarib qo‘yishni buyuradi. Lekin sovuq tufayli Neva daryosi muzlab qolgandi. Minglab odamlar muzlagan Neva daryosidan o‘tib, Petrograd markaziga kirib keldi. 20 fevral kuni shahar markazida qo‘lida turli yorliqlar ko‘targan 200 mingga yaqin olomon to‘plandi. Imperator ikki kun ichida tartibsizliklarni bartaraf etishga buyruq berdi. Politsiya va armiya yig‘ilgan xalqni tarqatishga harakat qildi. Lekin olomon tarqalishni istamadi. Askarlarga yig‘ilgan xalqqa qarata o‘q uzishga buyruq berildi. Ammo askarlar podshoh olib borayotgan siyosatdan norozi edi. 27 fevral kuni armiya imperatorga qarshi oyoqqa turdi. Shahar markazidagi qurol ombori olomon tomonidan egallab olindi. Natijasida, Rossiyada 300 yildan ziyod hukmronlik qilib kelgan Romanovlar sulolasining taxtdan ag‘darildi.
Muvaqqat hukumat
Podshoh hukumati ag‘darilgach, mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik yuzaga keldi. Birinchisi, burjua partiyalar vakillaridan iborat Aleksandr Kerenskiy boshchiligidagi Muvaqqat hukumat. Ikkinchisi, Petrograd shahar ishchi, dehqonlari va askarlar qo‘lidagi hokimiyat.
Muvaqqat hukumat aholini non bilan ta’minlashga qiynaldi. Mamlakatda ommaviy ishsizlik avj oldi. Xullas, bir so‘z blan aytganda Rossiya iqtisodiy falokat yoqasiga kelib qoldi. Muvaqqat hukumat ochlik va iqtisodiy tanazzulga qarshi hech qanday chora ko‘rmadi. Buning o‘rniga hukumat vazirlari Jahon urushini davom ettirishga qaror qildi. Albatta, ba’zilarda “shunday og‘ir sharoitda urushni davom ettirishning nima keragi bor”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Agar urushda Rossiya g‘alaba qozongudek bo‘lsa, vaqtincha tuzilgan Muvaqqat hukumat davlat boshqaruvida qolishi mumkin edi.
1917 yilning iyun oyi boshida Kerenskiy hukumati frontni jonlantirib, askarlarga hujumga o‘tish haqida buyruq berdi. Ammo hujum yirik mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Bundan g‘azablangan Petrograd aholisi 4 iyul kuni ommaviy namoyishga chiqdi. Unda 500 mingdan ortiq kishi qatnashdi. Namoyishchilar Muvaqqat hukumatni iste’foga chiqishini va hokimiyat Sovetlar qo‘liga berilishini talab qildi. Bu orada Bolsheviklar omma orasida “xalqlarga tinchlik”, “dehqonlarga yer”, “ishchilarga fabrika”, degan shiorlari bilan odamlarni o‘zlariga muxlis qilib oladi.
Nemis agenti Lenin
Petrograddagi og‘ir vaziyatdan foydalangan Vladimir Ilich Lenin boshchiligidagi Bolsheviklar yashirin ravishda qurolli qo‘zg‘olonga tayyorgarlik boshladi. Iyul – oktyabr oylarida inqilob rejasi tuzildi. Shu muddat davomida Lenin va Bolsheviklar firqasi Kayzer (Germaniya imperiyasida monarxga beriladigan unvon) Germaniyasidan katta moddiy yordam olib, omma orasida inqilobiy harakatni kuchaytirdi. Lenin hokimiyatni qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan qo‘lga olishga intildi. Iyul oyida Muvaqqat hukumat Leninni “Vatan xoini”, “Nemis agenti”, deb harbiy tribunal sudiga berdi. Ammo Sovet davrida yozilgan tarixiy kitoblarda bu haqiqat “Lenin va bolsheviklarga tuhmat”, deb talqin qilindi. Biroq oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, haqiqatdan qochib bo‘lmaydi. 1992 yil “Argumenti i fakti” gazetasining 29-30 sonida V.Miloserdovning “Oktyabr inqilobi qanchaga tushgan edi?”, deb nomlangan maqolasi bosib chiqarildi. Unda Germaniya Leninni va oktyabr inqilobini moliyaviy jihatdan ta’minlagani faktlar asosida qayd etilgan. Mana ulardan ba’zilari:
“Telegramma”
“1917 yil 27 aprel, Bosh shtab… Berlindagi Tashqi ishlar vazirligi bosh shtabining siyosiy bo‘limiga quyidagi ma’lumotni beradi. Leninning Rossiyaga kirishi ta’minlandi. U batamom bizning xohishimiz bo‘yicha ishlaydi. Berlin, 1G‘4, 1917, Tezda! Maxfiy!”
“Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi tashviqot uchun qoidaning 5-bobi, 6-abzatsiga asosan 5 million marka ajratmog‘i kerak. Tezroq bajarilishidan minnatdor bo‘lur edim. Davlat kotibi”.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya hukumati oktyabr to‘ntarishini amalga oshirish uchun Leninga jami 1 milliard nemis markasiga yaqin mablag‘ ajratgan.
Oktyabr inqilobi
1917 yil 16 oktyabr kuni Bolsheviklar va ularning ittifoqchilari ishlab chiqilgan puxta reja bo‘yicha harakatni boshladi. 18 oktyabr kuni Petrograd garnizoni Muvaqqat hukumatga bo‘ysunmasligini e’lon qildi va Sovetlarni yagona qonuniy hokimiyat sifatida tan oldi. 24 oktyabr kuni harbiylar Petrogradning muhim nuqtalari hisoblangan temir yo‘l stansiyalari, ko‘priklar, banklar, telegraflar, bosmaxonalar va elektr stansiyalarini egallab oldi. Shunday qilib, 1917 yil 25 oktyabr kuni Rossiyada navbatdagi inqilob boshlandi.
Muvaqqat hukumat bu qo‘zg‘olondan xabardor edi. Biroq, inqilobning 25 oktyabr kuni tunda sodir etilishi umuman kutilmagan voqea bo‘ldi. O‘sha kuni ertalab soat 10:00 da Harbiy-inqilobiy qo‘mita “davlat hokimiyati ishchi, askar va deputatlar kengashi organi qo‘liga o‘tdi” deb e’lon qildi.
21:00 da Boltiq flotining “Avrora” kreyseri to‘pidan o‘q otilishi qishki saroyga hujumni boshlash uchun ishora bo‘ldi. 26 oktyabr kuni soat 02:00 da Muvaqqat hukumat a’zolari hibsga olindi. Qishki saroy qo‘lga olingach, Lenin minbarga chiqib inqilobchilarga qarab “biz butun jahonda proletariat revolyutsiyasini amalga oshiramiz. Yashasin kommunizm, yashasin sotsializm”, deb xitob qildi.
26 oktyabr kuni ishchi, askar va dehqonlarning murojaatnomasi e’lon qilindi. Unda Muvaqqat hukumat ag‘darilgani, hokimiyat to‘laligicha Sovetlar qo‘liga o‘tgani aytilgandi. Lenin boshchiligida Xalq Komissarlari Kengashi (XKK) tuzildi. Oktyabr inqilobi sanoat rayonlarida qo‘llab-quvvatlandi. Yangi tuzilgan hukumat Yuliyan kalendaridan voz kechib, Grigorian kalendarini joriy qildi. Shu sababli 25 oktyabr Grigorian kalendarida 7 noyabrga to‘g‘ri keldi. 1918 yildan boshlab 7-8 noyabr Sovet hukumatida rasmiy bayram kuni deb e’lon qilindi. Har yili shu kuni Moskvadagi Qizil maydonda va SSSRning boshqa Respublikalarida oktyabr inqilobini nishonlash odatga aylandi.
Boshqaruvni o‘z qo‘liga olgan Lenin maxfiy tarzda podshoh va uning oila a’zolarini yo‘q qilishga buyruq berdi. Imperator Nikolay II uning rafiqasi Aleksandra Feyodorovna va imperatorning qizlari Olga, Tatyana, Mariya hamda 13 yoshli merosxo‘r shahzoda Aleksey saroy yerto‘lasiga olib tushilib, vahshiylarcha otib tashlandi.
1917 yil 14 noyabr kuni Sovet hukumati xususiy zavod va fabrikalarda ishchi nazoratini o‘rnatish to‘g‘risida qaror chiqardi. Unga ko‘ra, Rossiyadagi barcha xususiy banklar, temir yo‘l, sanoat zavodlari milliylashtirildi. Bolsheviklar jamiyat hayotining barcha sohalari ustidan davlatning to‘la nazoratini o‘rnatdi. Mamlakatda konstitutsiyaviy huquq va erkinliklar tugatildi. Butun davlat bir shaxs yoki bir partiyaning hukmi ostida qoldi. Muxolifat va o‘zgacha fikrlovchilar ayovsiz qatag‘on qilindi. Bolsheviklar zo‘ravonlik yo‘li bilan mamlakatdagi boylarning mulklarini tortib oldi. Shu tariqa, Rossiyada qonli yo‘l bilan Sovet hukumati o‘rnatildi. Sovet davrida yozilgan adabiyotlarda oktyabr inqilobi “buyuk oktyabr g‘alabasi”, “bu inqilob xalqning xohish istagi bilan amalga oshirildi” deb yoritildi.
Zulm yo‘l bilan qurilgan Sovet davlati 73 yil yashadi. 1990 yil 26 dekabr kuni SSSR Oliy Soveti Respublika Kengashi ittifoq tugatilgani haqida deklaratsiya qabul qildi. SSSR Prezidenti Mixail Gorbachyov o‘z lavozimidan ketganini ma’lum qildi. Shu tariqa 73 yil dunyoning ikkinchi qutbi sifatida yashab kelgan qudratli davlat parchalanib ketdi. Uning o‘rnida esa o‘n beshta yangi mustaqil davlat paydo bo‘ldi.
LiveBarchasi