Qiynoqqa solinganlarga tovon to‘lash tizimi joriy etilmoqda
Jamiyat
−
29 dekabr 2021
4825Kecha, 28 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. U bilan kodeksning tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni belgilovchi 991-moddasiga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kiritilmoqda.
Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 1021-moddasi ikkinchi qismiga, ya’ni ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar qoplanishi lozim bo‘lgan holatlarga qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash jinoyati natijasija yetkazilgan zararni ham kiritish taklif etilmoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi qiynoqqa solish oqibatida zarar ko‘rgan jabrlanuvchilarning huquqlarini yanada himoya qilish va tiklashga, ularga yetkazilgan moddiy, ma’naviy va boshqa zararlarning qoplanishiga sabab bo‘ladi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng, deputatlar tomonidan berilgan takliflar inobatga olingan holda, qonun loyihasi qabul qilindi.
LiveBarchasi