Qirolicha Yelizaveta II ning jasadi Londonga harbiy samolyotda yetkaziladi
Olam
−
13 Sentabr 2022
5228Buyuk Britaniyaning marhum Qirolichasi Yelizaveta II jasadi bo‘lgan tobut Edinburgdan Londonga Boeing C-17 Globemaster harbiy-transport samolyotida yetkaziladi. Bu haqda bugun, 13 sentyabr kuni Buyuk Britaniya havo kuchlari shtabi boshlig‘i Maykl Uigston Sky News telekanalida ma’lum qildi.
Havo kemasi yaqinda Ukrainaga insonparvarlik yordami va qurol-yarog‘ yetkazib berishda, shuningdek, o‘tgan yili inglizlarni Afg‘onistondan olib chiqishda foydalanilgan.
“C-17 Globemaster bizning strategik harbiy transport samolyotlarimizdan biridir, ammo bu qayg‘uli vaziyat bilan Hazrati Oliyalarining tobuti Edinburgdan qirollik harbiy havo kuchlarining Nortxolt bazasiga yetkaziladi. Tasavvur qilganingizdek, bunday noyob vazifani bajarish uchun katta hajmdagi rejalashtirish kerak edi, biz [Bukingem] saroyi bilan ularning istaklarini amalga oshirish uchun yaqindan ishladik”, deydi Uigston.
Uigston bu samolyot faol foydalanilayotganini ta’kidlagan. U o‘tgan yozda Qobuldan evakuatsiya qilingan 15 ming kishining ko‘p qismini tashigan. Va o‘shandan beri uchoq Ukrainaga gumanitar va harbiy yordamni yetkazib berish uchun ishlatilgan.
Tobut Edinburgdan 19:00 (Toshkent vaqti bilan 23:00) atrofida, marhum monarxning qizi malika Anna va uning eri Timoti Lorens hamrohligida manzilga yetib boradi. Shundan so‘ng uni katafalkada Bukingem saroyiga olib borishadi, u yerda dafn marosimi karvonini qirol Charlz III va uning rafiqasi konsort-qirolicha Kamilla, shuningdek, taxt vorisi, Uels shahzodasi Uilyam va Uels malikasi Keyt kutib oladi.
Tobut monarx qarorgohining asosiy zallaridan biriga joylashtiriladi, u yerda qirollik saroyi a’zolari va xodimlari Yelizaveta II bilan xayrlashishlari mumkin bo‘ladi.
14 sentyabr kuni tobut Bukingem saroyidan Vestminster saroyiga olib ketiladi va u yerda 19 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan dafn marosimigacha turadi. Yuz minglab Britaniya aholisi to‘rt yarim kun ichida Yelizaveta II bilan xayrlasha oladi.
Yelizaveta II 8 sentyabr kuni 96 yoshida Shotlandiyadagi Balmoral qasrida vafot etdi. U Britaniya tarixidagi eng uzoq – 70 yilu yetti oy hukmronlik qilgan monarx bo‘ldi. Yangi monarx uning to‘ng‘ich o‘g‘li, 73 yoshli Charlz bo‘lib, taxtda Charlz III nomini oldi.
LiveBarchasi