Qirg‘izistonda parlament saylovi: 20 dan ortiq jinoiy ish ochildi

Olam

image

Qirg‘iziston parlamentiga saylovda qonun buzilishi faktlari bo‘yicha 20 dan ortiq jinoiy ish ochildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi rahbari o‘rinbosari Tinchtik Shaynazarov ma’lum qildi.

“Yetti jinoyat ishi sudga yuborildi, shaxslarning aybi aniqlandi, ularga nisbatan ayblov e’lon qilindi. Yana 15 ta jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda”, deydi Shaynazarov.

Unga ko‘ra, MSK 20 nafar nomzodga yozma ravishda ogohlantirish bergan. Agar ular ikkinchi marta yozma ravishda ogohlantirilsa, nomzodni ro‘yxatga olishni bekor qilish masalasi tug‘ilishi mumkin.

“35 nafar fuqaro, jumladan, deputatlikka nomzodlar ham jarimaga tortildi, jarimalarning umumiy miqdori 292 ming somni (3,4 ming dollar) tashkil etdi”, deya qo‘shimcha qildi Shaynazarov.

Qirg‘iziston MSK a’zosi G‘ayrat Mamatovning ma’lum qilishicha, 28 noyabr holatiga ko‘ra MSKga saylov jarayonining buzilishiga oid 196 ta ariza va shikoyatlar kelib tushgan.

Unga ko‘ra, qayd etilgan qoidabuzarliklar orasida: bittasi ovozlarni pora berib sotib olish, yettitasi ma’muriy resurslardan foydalanganlik va 30 nafari saylovoldi tashviqoti qoidalarini buzganlik uchun qayd etilgan.

Ma’lumot uchun, bugun, 28 noyabr kuni Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ovoz berishning dastlabki ikki soatida saylovchilarning 2,91 foizi qatnashgan.

Qirg‘iziston parlamenti 90 deputatdan iborat bo‘lib, besh yil muddatga saylanadi. Deputatlar saylovini aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkazish nazarda tutilmoqda: yagona saylov okrugida 54 nafar deputat proporsional tizim bo‘yicha (siyosiy partiyalardan nomzodlar ro‘yxati) saylanadi, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha 36 nafar deputat saylanadi.

Saylovda ishtirok etish uchun jami 1311 nafar – 21 siyosiy partiyadan 1015 nafar, bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha 296 nafar nomzod ro‘yxatga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

136

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing