Qirg‘izistonda kelin o‘g‘irlash tufayli miting o‘tkazildi. Bosh vazir olomon yoniga chiqdi

Jamiyat

Bugun, 8 aprel kuni Bishkekdagi Ichki ishlar vazirligi binosi yonida zo‘ravonlikka qarshi tinch miting o‘tkazildi. Bu haqida “Sputnik Kirgizstan” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, miting 27 yoshli Ayzada Kanatbekovaning o‘ldirilgani haqidagi xabardan keyin tashkil etilgan. U 5 aprel kuni majburiy nikoh uchun o‘g‘irlab ketilgan . Zo‘ravonlikka qarshi mitingda Ichki ishlar vazirligi binosi yonida 150 ga yaqin odam to‘plangan. Ular qo‘llarida “Jinoyat jazolanishi kerak”,  “Kelin o‘g‘irlashga yo‘l yo‘q”, “Hokimiyat qotillikni amalga oshirmoqda”, degan yozuvli plakatlarni ko‘tarib olgan. Namoyishchilar soni tobora ko‘payib, taxminan 400 kishi ish tashlagan. Joy yetishmasligi sababli odamlar Tinistanov ko‘chasini egallab olgan.

Qayd etilishicha, namoyishchilar oldiga Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari chiqqan. Miting qatnashchilari unga “sharmandalik”, deya norozilik bildirgan. Natijada, u miting sodir bo‘layotgan hududni tark etgan.

Keyinchalik namoyishchilar hukumat binosiga borib, Ichki ishlar vazirini suhbat uchun ularning oldiga chiqishini, shuningdek, nikoh maqsadida kelin o‘g‘irlash uchun jazoning kuchaytirilishini talab qilgan. Shundan so‘ng, Bosh vazir Ulukbek Maripov namoyishchilar oldiga chiqqan.

Maripovning aytishicha, vaziyat boshidanoq hukumat va Prezident nazorati ostida bo‘lgan. Ichki ishlar vazirligi rahbarining iste’foga chiqarilishi to‘g‘risidagi savol esa ko‘rib chiqiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bosh vazir Ayzadaning Baliqchidagi dafn marosimiga borishga tayyor.

Bosh vazir miting ishtirokchilaridan rasmiy tekshiruv natijalarini kutishni iltimos qilgan. Ammo bunga javoban, namoyishchilar norozilik bilan “gumburlash”ni boshlagan.

Bosh vazir Maripov namoyishchilarga qarata “Agar siz shu yerda tursangiz, muammo hal etilmaydi. Barcha aybdorlar jazolanadi”, degan va hukumat binosiga kirib ketgan.
 
Ayni damda zo‘ravonlikka qarshi miting yakunlandi va odamlar tarqalib ketdi.  

Namoyishchilar ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vazirining iste’fosi va Ichki ishlar vazirligini isloh qilishni talab qilmoqda.

Sardor To‘lanboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

314

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing