Qirg‘iziston O‘zbekistonga ko‘mirni avtomobil yo‘li orqali eksport qilmoqchi
Olam
−
14 dekabr 2022 5707 2 daqiqa
Rasmiy Bishkek O‘zbekistonga ko‘mirni avtomobil yo‘li bilan olib chiqishga ruxsat berishni taklif qilmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining ko‘mir tashishning ayrim masalalari to‘g‘risidagi qaroriga kiritilayotgan o‘zgartishlarda so‘z borgan. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Joriy yilning oktyabr oyi oxirida Qirg‘izistonda olti oy muddatga ko‘mirni avtomobil transportida olib chiqishga taqiq joriy qilingan edi. Qattiq yoqilg‘ini boshqa mamlakatlarga temir yo‘l orqali yetkazib berish imkoniyati saqlanib qoldi. Bundan tashqari, Qirg‘iziston-Xitoy davlat chegarasidagi “Irkeshtam-avtodorojniy” va “Torugart-avtodorojniy” nazorat-o‘tkazish punktlari ham taqiq ostida qolmagan.
Endilikda Energetika vazirligi janubiy viloyatlardan O‘zbekistonga ko‘mirni avtomobil yo‘li bilan olib chiqishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.
“Qarorning qabul qilinishi O‘sh va Jalolobod viloyatlarida joylashgan ko‘mir qazib oluvchi korxonalarga xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish imkonini beradi. Bu yuqoridagi hududlar aholisiga o‘z iqtisodiy farovonligini to‘ldirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi”, deya tushuntiradi Energetika vazirligi mutasaddilari.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyi boshida Qirg‘izistonda ko‘mir narxini vaqtinchalik davlat tomonidan tartibga solish joriy qilingan edi. Tegishli qaror Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov tomonidan imzolandi. Qaror 2022-2023-yillar kuz-qish davrida ko‘mir narxining o‘sishini cheklash, aholini qattiq yoqilg‘i bilan o‘z vaqtida va barqaror ta’minlash maqsadida qabul qilindi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr