Qirg‘iziston O‘zbekiston havo hududidan foydalangani uchun qancha pul to‘laydi?
Olam
−
29 mart 2021
10636Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Keneshi deputati Ulug‘bek Sodiqov mamlakat Transport vazirligiga rasmiy Bishkek O‘shga uchayotgan samolyotlar qo‘nishdan avval O‘zbekiston hududiga kirishi uchun qancha pul to‘lashi haqida so‘rov yubordi.
“Samolyot O‘shga qo‘nish paytida O‘zbekiston hududiga kirib, Andijon atrofida aylanib yurgani men uchun katta jumboq. Ammo ba’zilarning aytishicha, kirish-chiqish va ijara uchun ko‘p miqdorda pul to‘lanadi. Bu to‘g‘rimi?”, deya so‘ragan deputat Ulug‘bek Sodiqov.
Fuqaro aviatsiyasi agentligi direktori Baqit Junushaliyev bu haqiqat emasligini ta’kidladi.
Transport vaziri Gulmira Abdraliyevaning aytishicha, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida havo maydonini o‘zaro tan olish to‘g‘risida 2018 yilda bitim imzolangan. Unga ko‘ra, Qirg‘iziston O‘zbekiston havo maydonidan foylanganligi uchun pul to‘lamaydi.
“Ha, biz parvoz va qo‘nish vaqtida O‘zbekiston hududidan foydalanamiz, ammo bu bepul”, degan vazir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11-12 mart kunlari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Tashrif davomida tomonlar chegara masalasini ham muhokama qildi va 3 oy ichida o‘zbek-qirg‘iz chegara muammosi to‘liq hal etilishi belgilandi.
Keyinroq, o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha Qirg‘iziston hukumati delegatsiyasi rahbari – Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Kamchibek Tashiyev Toshkentga keldi. Tomonlar muzokarasi natijasida ikki davlat chegara muammosi 100 foiz hal etilgani aytildi. Tashiyev ikki kunlik muzokaralarda Qirg‘iziston 8 ming gektar hududni qo‘lga kiritganini ta’kidladi.
Diyora Abdurahmonova
LiveBarchasi