Qirg‘iziston Turkiyaning Bayraktar’larini sinovdan o‘tkazishni boshladi
Olam
−
31 mart 2022
6276Qirg‘izistonda harbiy-taktik mashg‘ulotlar boshlandi. Ushbu mashg‘ulotlar davomida turklardan xarid qilingan Bayraktar TB2 hujumkor uchuvchisiz uchish apparatlari qo‘llaniladi. Bu haqda Qirg‘iziston davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
“Bugun, 31 mart kuni Issiqko‘l viloyatida “Qalqon – 2022” maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilyapti. Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti, Quroll Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Sadir Japarov Mudofaa vazirligining Baliqchi shahridagi “Edelveys” o‘quv markazi bazasida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayonini kuzatmoqda”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, o‘quv mashg‘ulotlarida respublika tarixida ilk bor Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatida bo‘lgan Bayraktar TB2 zarbdor dronlari qo‘llaniladi.
Mashqlardan asosiy maqsad esa Qirg‘iziston Respublikasi huquq-tartibot organlarining davlat chegarasi uchastkasida qo‘zg‘olonni amalga oshirgan soxta dushmanni yo‘q qilish bo‘yicha harakatlarining uyg‘unligini ishlab chiqishdan iborat. Mashg‘ulotlarda MXDQ, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklarining harbiylashgan bo‘linmalari ishtirok etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston o‘tgan yili Turkiyadan bir nechta Bayraktar TB2 dronlarini sotib olgan va ular Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmatiga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning Bayraktar TB2 dronlari 2019 yil iyun oyida Liviyada, 2020 yil martda Suriyada, 2020 yil iyun oyida Tog‘li Qorabog‘ urushida qo‘llanilgandi, hozir esa Rossiya hujumi ostida qolgan Ukraina ham ushbu uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanyapti.
LiveBarchasi