Qirg‘iziston Turkiya va Rossiyadan harbiy dronlar sotib olmoqchi

Olam

image

Qirg‘iziston hukumati yaqin kunlarda Rossiya va Turkiyadan bir nechta uchuvchisiz harbiy samolyotlarni sotib oladi. Bu haqda mamlakat Bosh vazir o‘rinbosari, respublika Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Toshiyev bugun, 22 oktyabr kuni Qirg‘izistonning “Region TV” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Agar ilgari Qirg‘iziston harbiy texnikani faqat yordam shaklida olgan bo‘lsa, hozir buning uchun byudjetdan pul ajratilgan. Bundan tashqari, biz Turkiya va Rossiyadan dron sotib olishni rejalashtirganmiz. Harbiylarimiz esa Turkiyada tayyorgarlikdan o‘tmoqda”, deydi Qamchibek Toshiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyada Qirg‘iziston uchun aynan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy samolyotlari tayyorlanmoqda. 

“Biz, allaqachon ushbu texnika uchun mablag‘ ajratganmiz. Turkiyada biz uchun “Bayraktar” dronlari tayyorlanmoqda”, deydi u. 

Toshiyevning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston, shuningdek, Rossiyaning “Orlan-10” uchuvchisiz harbiy samolyotini ham sotib oladi.

Kecha, 21 oktyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov respublika kelasi yilning bahorida eskirgan va ishdan chiqqan qurollarni to‘liq almashtirishini aytdi. 

“Bu mojaroga tayyorgarlik emas, balki mamlakatimiz xavfsizligini saqlashga tayyorgarlik”, deb tushuntirish bergandi davlat rahbari.

Ma’lumot o‘rnida, “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparati an’anaviy qiruvchi samolyotlarga nisbatan bir qancha ustunlikka ega. Xususan, yuqori harakatchanlik: havoga ko‘tarilish va qo‘nish uchun keng maydon talab etilmaydi. Apparat kichik va yengil bo‘lgani uchun kam yoqilg‘i va texnik ta’minot talab etiladi, qurilmadan noqulay ob-havo sharoiti va favqulodda vaziyatlarda ham foydalanish mumkin, undan foydalanishda yuqori malakali uchuvchi kadrlar talab qilinmaydi.

Foto: “Bayraktar TB2”

Ushbu qurilma Turkiyaning “Baykar Makina” kompaniyasi tomonidan 2014 yildan beri ishlab chiqariladi. Dunyo bo‘ylab 100 ga yaqin shunday qurilma mavjud bo‘lib, ular Turkiya, Qatar, Ozarbayjon va Ukrainaning Harbiy Havo kuchlari tomonidan ekspluatatsiya qilinadi. “Bayraktar” uchuvchisiz apparatining bir komplekti narxi taxminan 70 million AQSH dollari turadi. 

Foto: “Orlan-10”

“Orlan-10” – Rossiyaning ko‘p funksiyali uchuvchisiz kompleksi, u kattaroq qurilmalar yetib borishi qiyin bo‘lgan joylarda ob’ektlarni kuzatish uchun mo‘ljallangan. Ushbu kompleksning narxi – 87 mingdan 120 ming AQSH dollarigacha. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

93

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing