Qirg‘iziston propiska bermayapti, buning uchun jarima bor – o‘zbekistonliklar TIVga murojaat qildi

Olam

image

Kecha, 7 may kuni AOKA shtabida koronavirusga oid masalalar bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi. Ushbu brifingga turli muammolar yuzasidan ham savollar kelib tushdi. Murojaatlaridan biri Qirg‘izistonda qolib ketgan o‘zbekistonliklar tomonidan yo‘llangan bo‘lib, unda vujudga kelgan muammolar tilga olingan.

“Biz Qirg‘izistonda qolib ketdik, propiskamiz muddati o‘tib ketgan. 8 maydan bu davlatda qolganlarni jarima kilishar ekan. Bu haqida O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasiga murojaat qildim, lekin menga propiska bo‘yicha javob bera olmasliklarini aytishdi. Nima qilsam bo‘ladi?”, deyiladi murojaatda.

Ushbu savol yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati quyidagilarni ta’kidladi.

“Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligining 5 may kuni tarqatgan ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mamlakatdagi chet el fuqarolari chiqish vizasini va yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda turishni rasmiylashtirmasdan 1 iyunga qadar Qirg‘iziston hududidan chiqib ketishlari mumkin”. 

Vazirlikning ma’lum qilishicha, yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatda turish va uni uzaytirish masalasida Qirg‘iziston hukumati huzuridagi Davlat ro‘yxatga olish xizmatiga murojaat etish tavsiya etiladi. 

“Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekistonning Bishkek shahridagi Elchixonasi bilan +996312986296 telefon raqami yoki +996555700145 “Telegram” raqami orqali bog‘lanish mumkin”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 7 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan navbatdagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat rahbari xorijdagi fuqarolarni olib kelish kerakligini, ularning 11 mingga yaqini anchayin qiyin ahvolda qolganini ta’kidlab o‘tdi. Ularni qaytargandan keyin ham nazoratga olish kerakligi aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

15

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing