Qirg‘iziston futbolchisi ukrainalik futbolchini urib jag‘ini sindirdi
Sport
−
27 avgust 2024
13043Qirg‘iziston terma jamoasi futbolchisi Mirbek Axmataliyev Jalolobodning “Muras Yunayted” jamoasidagi ukrainalik futbolchi bilan urishgani uchun 5 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda Qirg‘iziston futbol ittifoqiga tayanib, AKIpress xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 15 avgust kuni Bishkekdagi “Selmash” stadionida “Muras Yunayted” jamoasining mashg‘uloti vaqtida futbolchilar bilan bog‘liq hodisa yuz bergan. Ya’ni mashg‘ulot paytida o‘zaro tortishuv vaqtida Axmataliyev klubning legioner futbolchisi Yevgeniy Terzining jag‘ini urib sindirgan.
Shundan so‘ng, klub Mirbek Axmataliyev bilan shartnomani to‘xtatishga qaror qilgan. Bu bilan u 5 yilgacha futboldan chetlashtirildi.
“Hodisada klubning xorijlik futbolchisi, yarim himoyachi Yevgeniy Terzi jarohat olib, uning jag‘i singan. Hodisaga sababchi bo‘lgan klub futbolchisi Mirbek Axmataliyev bilan klub mehnat munosabatlarini to‘xtatishga qaror qilindi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, voqea ortidan klubning murabbiylar shtabi va sport direktori ham ishdan bo‘shatilgan.
Ma’lumot uchun, 30 yoshli Mirbek Axmataliyev 2016 yilda Qirg‘iziston terma jamoasi safida debyut qilgan va shundan so‘ng jamoa tarkibida 4 ta o‘yin o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi 4 yilga diskvalifikatsiya qilingandi.
LiveBarchasi