Qirg‘izistonda “Barselona” akademiyasi ochildi (fotoreportaj)
Sport
−
30 avgust 2023 7192 2 daqiqa
Kecha, 29 avgust kuni Qirg‘izistonning Jalolobod shahrida “Barselona” futbol akademiyasi ochildi. Shaxsan davlat rahbari Sadir Japarov yangi akademiyani ochib berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.


Marosimda Ispaniyaning “Barselona” futbol klubi prezidenti Joan Laporta va klub vakillari ham ishtirok etdi. Yangi ochilgan Futbol akademiyasi butun Qirg‘iziston bo‘ylab iqtidorlarni izlash va tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan “Barselona”ning 29-akademiyasidir.


Akademiya 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda istiqomat qiladigan va tahsil oladigan yosh futbolchilarga xorijlik mutaxassislar ham saboq beradi. Bundan tashqari, ushbu akademiyada 2-3 mingga yaqin bola sport seksiyalariga qatnaydi. Qirg‘izistondagi “Barselona” futbol akademiyasi Ispaniya klubi talablariga to‘liq javob beradi.


“Futbol - millionlab insonlar qalbini to‘lqinlantirib, o‘ziga xos tuyg‘ularni uyg‘otadigan hayajonli o‘yin. Shuning uchun ham u dunyoda birinchi raqamli sport turi hisoblanadi. Butun dunyo qatori Qirg‘izistonda ham futbolning nufuzi juda baland. Hozir yurtimizning yuz minglab muxlislari, barcha qirg‘izistonliklar ana shunday quvonchli voqeaning guvohi bo‘lmoqda. Barchangizni Markaziy Osiyoda ilk bor “Barselona” klubi futbol akademiyasining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklashga ijozat bergaysiz. Futbolchilarimizning so‘nggi yillarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlaridan, ta’sirchan o‘yin ko‘rsatgan jamoamizning g‘alabalaridan mamnunmiz. Masalan, 2019 yilgi Osiyo Kubogi Qirg‘iziston va Qirg‘iziston futboli uchun tarixiy voqea bo‘ldi. Mamlakatimiz terma jamoasi ajoyib o‘yin ko‘rsatib, qirg‘iz chavandozlarining matonati va irodasini butun dunyoga namoyish etdi. Hurmatli qirg‘izistonliklar, yangi Futbol akademiyasi ochilishi bilan tabriklayman. Bu mamlakatimizning yorug‘ kelajak sari yo‘lini davom ettiradigan yangi muvaffaqiyatlarning boshlanishi bo‘lsin!”, deydi Sadir Japarov.


Ta’kidlash joiz, bugun, 30 avgust kuni Jaloloboddagi “Qurmanbek” stadionida “Barselona” afsonalari va Markaziy Osiyo yulduzlari futbol o‘yini bo‘lib o‘tdi. Bahsda mamlakat Prezidenti Sadir Japarov ham ishtirok etishi kutilmoqda.


Live
Barchasi