Qirg‘iz-tojik chegarasiga KXSHT qo‘shinlari joylashtirilishi mumkin

Olam

image

Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegaradagi vaziyatni yumshatish maqsadida yaqinda mojaro holati kuzatilgan hududga Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) harbiy kontingentini joylashtirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qirg‘iziston Mudofaa vaziri Baktibek Bekbolotov ma’lum qildi.

“KXSHTning kichik kontingenti bahsli hududlarga texnikani olib chiqib ketish va o‘t ochishni to‘xtatishni nazorat qilish uchun joylashtirilishi mumkin”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bahsli hududlar bo‘yicha Dushanbe bilan konsensusga erishish ancha qiyin bo‘ladi, chunki har bir tomonning o‘z haqiqati bor.

Shuningdek, u Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida KXSHT harbiylari paydo bo‘lganidan keyingina, chegarani demarkatsiya va delimitatsiya qilish jarayonini davom ettirish mumkinligini aytgan.

“Chegaradagi bahsli vaziyat uzoq vaqtdan beri davom etmoqda, bunga 30 yil emas, 98 yil bo‘ldi”, deb eslatgan vazir.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarada so‘nggi keskinlik joriy yilning sentyabr oyi o‘rtalarida kuzatildi. 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi. 

Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda. To‘qnashuvlarni yakunlash uchun Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari protokol imzoladi. Hujjat uchta bandni o‘z ichiga olgan.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

40

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing