Qirg‘iz-tojik chegarasidagi nizo: Rossiya ikki ittifoqchisini murosaga chaqirdi
Olam
−
16 Sentabr 2022
3282Moskva Tojikiston va Qirg‘izistonni ikki davlat chegarasidagi keskinlashuvni to‘xtatish uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
“Rossiya tomoni 16 sentyabrga o‘tar kechasi navbatdagi qurolli qarama-qarshilik oqibatida yana kuchaygan qirg‘iz-tojik chegarasidagi keskin vaziyatni xavotir bilan kuzatishda davom etmoqda. Biz har ikki tomonni vaziyatni siyosiy-diplomatik yo‘nalishga barqaror o‘tkazish bo‘yicha shoshilinch va keng qamrovli choralar ko‘rishga, har qanday keskinlashuvga urinishlar, shuningdek, uchinchi tomonlarning provokatsiyalarini to‘xtatishga chaqiramiz”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, Rossiya TIV har ikki tomondan halok bo‘lgan va jarohatlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
“Ma’lumotlarga ko‘ra, keskinlik zonasida bo‘lgan Rossiya fuqarolari jabrlanmagan. Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyatidagi maktablarga yuborilgan rus o‘qituvchilari ham, Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyati maktablarida ishlayotgan rossiyalik o‘qituvchilar ham xavfsiz holatda”, deyiladi TIV axborotida.
Rossiya TIVning qayd etishicha, mojaroning asosiy sababi qirg‘iz-tojik davlat chegarasining bir qator uchastkalarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayonining to‘liq emasligidir.
“Shu munosabat bilan biz hamkorlarimiz uchun maqbul bo‘lgan har qanday yordamni ko‘rsatishga chin dildan tayyormiz”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, ikki davlat chegarasida vaziyat 14 sentyabr kuni keskinlashgan. Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, tojik chegarachilari chorshanba kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken tumanining Buloq-Bashi hududidagi chegara hududiga kirib, “jangovar pozitsiyalarini egallagan”. Qirg‘iziston harbiylarining hududni tark etish talabiga javoban Tojikiston chegarachilari o‘t ochgan, shundan so‘ng otishma boshlangan. Oradan bir necha soat o‘tib, Botken viloyatining Kak-Say va Paski-Ariq tumanlarida ham qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Kechqurun otishmalar to‘xtagan, qirg‘iz tomoni ikki nafar harbiy xizmatchi va uch nafar tinch aholi vakillari yaralangani haqida xabar bergan.
Farangiz Salimova
LiveBarchasi