Erdo‘g‘anning azaliy raqibi va nihoyat “taxtdan tushirildi”
Olam
−
05 noyabr 2023
16381Turkiya prezidentligiga sobiq nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li asosiy muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi raisligidan mahrum bo‘ldi. Partiya ichki qurultoyida O‘zgur O‘zel g‘alaba qozondi. Bu haqda “Cumhuriyet” xabar berdi.
Kecha, 4 noyabr kuni partiya qurultoyi bo‘lib o‘tgan. Tungacha davom etgan ovoz berishda Qilichdoro‘g‘li mag‘lub bo‘lgan. U partiyani 2010 yilning may oyidan beri boshqarib kelardi. Ikki tur ovoz berishdan keyin yangi yetakchi Manisa viloyati deputati O‘zg‘ur O‘zel bo‘ldi. Uni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘li ham qo‘llab-quvvatlagan.
“Qurultoy delegatlarining qarori bilan men partiya rahbari lavozimi bilan xayrlashaman va yangi rais O‘zg‘ur O‘zelga muvaffaqiyat tilayman”, deb yozgan Qilichdoro‘g‘li X ijtimoiy tarmog‘ida.
Ma’lumot uchun, O‘zel farmatsevt bo‘lib ishlagan. 2011 yilda oliy qonun chiqaruvchi organga “Jumhuriyat Xalq” partiyasidan deputat sifatida kirgan, 2015 yilda esa fraksiya raisi bo‘lgan. U mamlakat konlaridan birida 300 dan ortiq ishchining hayotiga zomin bo‘lgan portlashdan ikki oy oldin, konchilar ishlagan joylarda tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risida qonunchilarga iltimosnoma topshirganidan keyin shuhrat qozongan.
Ta’kidlash joizki, endilikda O‘zel boshchilik qiladigan “Jumhuriyat Xalq” partiyasi Turkiyaning Birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk tomonidan 1923 yilda tashkil etilgan. U Turkiyadagi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi hukmron “Adolat va Taraqqiyot” partiyasidan keyingi eng kuchli siyosiy kuchdir. Bu yilgi parlament saylovlarida “Jumhuriyat Xalq” Turkiya Oliy Millat Majlisida 169, “Adolat va Taraqqiyot” esa 268 o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘anning asosiy raqibi edi. Ikkinchi turda Erdo‘g‘an 27,83 million saylovchi (52,18 foiz), Qilichdoro‘g‘li 25,5 million (47,82 foiz) saylovchining ovozini oldi.
LiveBarchasi