Qibraydagi ariqdan 3 yildan beri qon oqayotganining sababi aniqlandi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlar hamda OAVda Toshkent viloyati Qibray tumanining “O‘ngqo‘rg‘on” mahallasidagi fermer xo‘jaliklarining o‘rtasidan o‘tgan ariqdan har kuni ikki mahal qonli suv oqishi haqidagi xabarlar Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligining hududiy mutaxassislari hamda inspektorlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘rganish davomida haqiqatan ham “Obod Savdo Biznes” MCHJ ga qarashli qushxona faoliyatidan hosil bo‘lgan oqova suvlarni zax ariqqa oqizilgani ma’lum bo‘lgan. Ushbu holat yuzasidan joriy yilning 26 fevral kuni Ekologiya va atrof-muxitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Qibray tumani inspeksiyasi tamonidan ogohlantirish xati berilgan.

Bu bilan O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muxofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunning 18, 19, 99-moddalari talablari buzilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 72-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mazkur ixtisoslashgan so‘yish korxonasi binolari 2014 yilda “Obod Savdo Biznes” MCHJ tasarrufiga o‘tgan va Qibray tumani hokimining tegishli qarori qabul qilingan. Ixtisoslashgan so‘yish korxonasi qurilib 2018 yil ishga tushirilgan, lekin hujjatlar so‘ralganida, aynan ixtisoslashgan so‘yish korxonasi uchun tegishli tashkilotlar xulosalari taqdim qilinmagan.

Oqova suv va qushxona hududidan chiqayotgan oqova suv uchun qilingan o‘ralar gidroizolyatsiyalangan (betondan yasalgan), lekin oqova yig‘ilmasdan dala va zax ariqqa oqizilgan.

Oqova suvni o‘radan tortib olinishi, chiqindilarni olib chiqish uchun maxsus tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilmagan. Shu bilan birga qushxonani yuvish vaqtida chiqqan qon aralash suv va so‘yilgan mol ichaklari qushxona hududining orqa tomoni – dala qismiga chiqarilishi natijasida tartibsiz holatga kelib qolgan.

Veterinariya-sanitariya qoida va me’yorlari talablari buzilgan.

Toshkent viloyat ekologiya boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi agentligining hududiy boshqarmasi tomonidan aniqlangan holatni zudlik bilan bartaraf qilish choralarini ko‘rish uchun zarur tavsiyalar berilib, nazoratga olindi.

Ayni damda yuqorida bayon etilgan masalalarni bartaraf qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berilgan, qushxonadan chiqayotgan oqova suvni ariqqa oqizish uchun qo‘yilgan quvurlar olib tashlangan va bayon etilgan holat to‘xtatilgan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1217

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing