Qibrayda chamadon ichidan Oliy sud sobiq xodimining jasadi chiqdi

Jamiyat

image

Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi korxonada Oliy sud sobiq xodimining jasadi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ`ga ma’lum qildi.

Joriy yilning 8 avgust kuni Toshkent viloyati Qibray tumani Ichki ishlar boshqarmasiga “Qodiriya GESlar Kaskadi” unitar korxonasi 11-sonli GESining 2-avankamerasida sayohat chemodaniga inson jasadi tiqib qo‘yilgani haqida xabar berilgan. Voqea joyi ko‘zdan kechirilganda, yarim ochiq holatdagi sayohat chamadoni ichida erkak kishining jasadi borligi tasdiqlangan.

Sumka ichidagi murdani ko‘zdan kechirilganda uning badanida tan jarohati va undan qolgan izlar aniqlanmagan. Shimining cho‘ntagidan esa, jami 410 ming so‘m miqdorda naqd pul topilgan.

O‘tkazilgan tergov va tezkor-qidiruv harakatlari natijasida murda 1968 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, poytaxtning Yakkasaroy tumanida istiqomat qilib kelgan Sh.A. ekanligi aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, marhum Sh. A. avval O‘zbekiston Oliy sudida ta’minotchi vazifasida ishlagani aytilmoqda.

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, Sh.A. shu yilning 7 avgust kuni ertalab uyidan Gentra rusumli avtomashinasida Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy klinik (sobiq 6-sonli) shifoxonasiga chiqib ketgan. Mazkur transport vositasini aniqlash bo‘yicha “To‘sib ushlash” tadbiri e’lon qilinib, transport vositasi qayerda ekanligini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Bo‘stonliq tumani sud tibbiy ekspertiza bo‘linmasining birlamchi ma’lumotnomasida marhum Sh.A. “bo‘yin a’zolari to‘mtoq jism ta’sirida siqilishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya”dan vafot etgani qayd etilgan. Ayni paytda holat bo‘yicha Qibray tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Holat yuzasidan Toshkent viloyat IIBB, Toshkent shahar IIBB hamda tuman IIB xodimlaridan iborat tezkor guruhlar tashkil etilib, tergov hamda tezkor-qidiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

1258

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing