Qat’iy savollar, pandemiya va tanqid: videoselektor qanday o‘tdi?

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 1 aprel kuni aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumki, 2020 yil 12 noyabrda davlat rahbarining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish to‘g‘risida farmoni, tibbiy profilaktika ishlari samaradorligini yanada oshirish orqali jamoat salomatligini ta’minlash bo‘yicha qarori qabul qilingan edi. Ularga muvofiq, kasalliklarni erta aniqlash, to‘g‘ri tashxislash va davolash uslublarini o‘zgartirib, bu borada yangicha tizim tashkil etila boshlagandi.

Yig‘ilishda ushbu vazifalar ijrosi haqida so‘z borar ekan, Prezident uchta savolni o‘rtaga qo‘ydi:

birinchi – joriy etilgan yangi tizim bo‘yicha tibbiy xarita shakllantirilgani, aholining xavf guruhlariga bo‘lingani nimani ko‘rsatdi?

Ikkinchi – mahallalar kesimida tibbiyot brigadalari shakllantirilib, aholi bilan manzilli ishlay boshlaganidan qancha odam rozi bo‘ldi?

Uchinchi – tibbiyot muassasalarida qaysi xizmatlar bepul bo‘ldi?

Hozirgi ahvol talabga javob bermayotgani, sohadagi o‘zgarishlarni aholi tezroq sezishi kerakligi ta’kidlandi. Islohotlarni jadallashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga Bosh vazir o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vaziri va uning o‘rinbosarlaridan mas’ullar biriktirildi.

Prezidentning 12 noyabrdagi yana bir qaroriga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov o‘tkazildi. Yig‘ilishda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i va Guliston shahar hokimi mazkur yangi tizim natijalari haqida hisobot berdi.

Aytib o‘tilishicha, Sirdaryo viloyatining 236 ta mahallasini to‘liq qamrab olish uchun 421 ta tibbiyot brigadasi tashkil etilgan. Aholining salomatlik holati xatlovdan o‘tkazilib, ular 4 ta xavf guruhiga ajratilgan va viloyatning “elektron tibbiy xaritasi” yaratilgan.

Misol uchun, Boyovut tumanida 31 ming aholi o‘zini sog‘lom deb bilsa-da, ortiqcha vazn, noto‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlar tufayli ularda yurak-qon tomir, diabet, o‘pka kasalliklariga chalinish ehtimoli yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, ilgari shifokorga murojaat qilmagan 257 nafar fuqaroda kasalliklar og‘ir bosqichda ekani ma’lum bo‘lgan.

Davlat rahbari bu tajribani tizimli davom ettirib, barcha hududlarda joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buning uchun qishloq va mahallalarda tibbiyot brigadalari tashkil etilib, aholini manzilli ko‘rikdan o‘tkazish va davolash ishlari olib boriladi, hududlarning “tibbiy xaritalari” shakllantiriladi.

Xabarga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining vertikal ish tizimini takomillashtirib, ularni oilaviy shifokor punktlari bilan bog‘lash zarurligi ta’kidlandi. Ya’ni, bemorlarni ovora qilib poytaxtga yubormasdan, ularga yashash joyida malakali tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratish kerak.

O‘tgan yili ixtisoslashtirilgan markazlarda davolanishga muhtoj 84 ming nafar bemordan atigi 51 ming nafari bepul order bilan ta’minlangan.

Prezident orderlar uchun mablag‘ni deyarli 1,5 baravarga ko‘paytirib, qo‘shimcha 80 milliard so‘m ajratish bo‘yicha Moliya vazirligiga ko‘rsatma berdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga, yil yakuniga qadar har bir bemorni sog‘lomlashtirish manzili va muddatlarini belgilab, davolashni tashkil etish bo‘yicha vazifa qo‘yildi. Ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari o‘z yo‘nalishi bo‘yicha hududlardagi 3 mingdan ziyod oilaviy shifokorni qisqa muddatli kurslarda o‘qitadigan bo‘ldi.

Qayd etilishicha, yana bir masala – bugungi kunda donor bemorning yaqin qarindoshi bo‘lmasa, transplantatsiyaga ruxsat berilmagan. Oqibatda, ko‘pchilik fuqarolar bunday amaliyotni chet elda o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Shu bois inson a’zolari transplantatsiyasining qonuniy asoslarini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish maqsadida mamlakatda xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun barcha huquqiy asoslar, imkoniyatlar yaratilgan. Lekin hududlarda kasalliklarning turiga qarab, xususiy shifo maskanlarini tashkil etish ishlari yetarli darajada emasligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

154

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing