Qashqadaryodagi abituriyentlarga test kunlari avtobuslar ajratiladi

Jamiyat

image

Qashqadaryoning chekka hududlarida yashovchi abituriyentlar test sinovlari uchun viloyat markaziga kelishiga maxsus avtobuslar qo‘yiladi. Bu haqda viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev viloyatda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari va test sinovlarini o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan bergan axborotida ma’lum qildi.

“Uzoq hududdan keladigan abituriyentlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, ularning xavfsizligini ta’minlagan holda avtobuslar tashkil etiladi. Avtobuslarning belgilangan yo‘nalish bo‘yicha harakati IIB YHX xodimlari tomonidan nazoratga olinadi”, dedi Rustam Yo‘ldoshev.

Qayd etilishicha, viloyatda joriy yilda umumta’lim maktablarini 47 ming 681 nafar o‘quvchi bitirgan. Shundan 38 ming 470 nafari (81 foizi) oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Viloyatdagi mavjud 6 ta oliy ta’lim muassasalariga 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul kvotasi 8 ming 400 ta (o‘tgan yilda 4290 ta bo‘lgan) belgilangan bo‘lib, jami 99 ming 476 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Bu bir o‘ringa 12 nafar talabgor deganidir.

Test jarayonlari “Nasaf” futbol klubining mashg‘ulotlar o‘tadigan 4 ta stadionida bo‘lib o‘tadi. Maydonlarning sig‘imi 37 ming 512 kvadrat metrni tashkil etadi.

Ushbu maydonlarda bir vaqtning o‘zida 184 ta guruhda 5 ming 520 nafar abituriyent test topshirish imkoniyati mavjud. Bir kunda 2 smenada 11 ming 40 nafar abituriyentning test topshirishi uchun shart-sharoit yaratilgan. Jami abituriyentlarning 129 ming 772 nafarni tashkil etishi inobatga olinsa, viloyatda test topshirish jarayoni 12 kunda yakuniga yetadi.

Eslatib o‘tamiz, bu yilgi test sinovlari 2 smenada, 14 kun davomida o‘tkaziladi. Test sinovlariga abituriyentlar shaxsini aniqlashda ularning barmoq izlari orqali tekshiriladi.

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

57

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing