Qashqadaryoda “zamhokim” hokim yordamchilarini 1 yanvar kuni ham ishlatgan

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev joriy yilning 1 yanvar kuni rasman dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, hokim yordamchilarini ishga chaqirgani ma’lum bo‘ldi. Uning bu "chorlov"i aks etgan suratni bloger Otabek Ortiqov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joyladi. 

Suratdagi yozishmalarda Qashqadaryodagi hokim yordamchilari va rahbarlarning Telegram -guruhida viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Nodir Erkayev 1 yanvardan viloyatdagi barcha mahallalarda hokim yordamchilari ish boshlashi kerakligi haqida "ogohlantirish" berganini ko‘rish mumkin.

"Allaqachon, 2 kun yo‘qotdinglar, yana bir marta qaytaraman, hamma ertadan mahallada xatlovni boshlasin. Men kecha Qarshi shahar Arabxona mahallasiga, bugun Koson tumani Natibaland va Toshko‘prik mahallasiga borib, hokim yordamchilari faoliyati bilan tanishdim, juda e’tirozlar qildim, faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdim. Hamma shu 3 ta mahalla hokim yordamchilariga nomzodlar bilan nima e’tiroz bildirganimni gaplashib olsin. Ertaga Qamashi tumanidagi hokim yordamchilari faoliyati bilan tanishaman", deya ko‘rsatma bergan Nodir Erkayev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning dekabr oyi oxirlaridagi farmoni bilan ish haftasidan qat’i nazar (haftasiga 6 kun ishlaydiganlar ham) barcha xodimlar Yangi yil bayrami munosabati bilan 5 kun (31 dekabrdan 4 yanvargacha) dam olishi belgilangan edi.

Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryo viloyatiga 2021 yilning noyabridan buyon Murodjon Azimov hokimlik qilmoqda. U viloyatning avvalgi rahbari Zoyir Mirzayev Toshkent viloyati hokimligiga tayinlanishi ortidan ushbu lavozimni egallagandi. General-mayor harbiy unvoniga ega bo‘lgan Murodjon Azimov bungacha uch yil davomida Bojxona qo‘mitasini boshqargan.

Nodir Erkayev 2021 yilning aprelida Qashqadaryo viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar etib tayinlangan. U bungacha esa Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ham QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida 1 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida navbatchi bo‘lganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo

Baholaganlar

409

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar