Qashqadaryoda Ko‘kdala tumani tashkil etildi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatida yangi Ko‘kdala tumani tashkil qilindi. Chiroqchi tumanida istiqomat qilayotgan 420 ming nafar aholining 176,3 ming nafari, ya’ni 32 ta mahallada yashayotgan qismi mazkur tuman tarkibiga o‘tkaziladi. Bu qarorni bugun, 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida senatorlar ma’qulladi.

Majlisda Ko‘kdala tumanini tashkil etilishiga sabab bo‘lgan asosiy omillar alohida qayd etib o‘tilgan. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Chiroqchi tumaniga 1926 yilda asos solingan bo‘lib, aholisi 420 ming kishini, umumiy yer maydoni 2,8 ming km2 ni tashkil etadi. Bugungi kunda tumanda jami 2 137 ta korxona, shundan 324 ta sanoat korxonasi mavjud bo‘lib, ular tomonidan 2021 yilda 7,4 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Shuningdek, tumanda 45 mingdan ortiq tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 230 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 93 mingdan ortiq o‘quvchisi bo‘lgan 234 ta umumta’lim maktabi hamda 8 ta oilaviy poliklinika faoliyat yuritib kelmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tuman markazidan eng chekka qishloqqacha bo‘lgan masofa 65-100 km, jumladan, “Toshli” qishlog‘i – 100 km, “Sarson” qishlog‘i – 93 km va “Quruqsoy” qishlog‘i – 65 km. Bu esa, aholining tuman markaziga borib-kelishi uchun 2-3 ta yo‘lovchi transportidan foydalanishiga va bir kun yo‘qotilishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, Chiroqchi tumanida 2021 yilda aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1,8 mln so‘m (viloyatda 5,5 mln so‘m), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 8,2 mln so‘m (viloyatda 8,7 mln so‘m), xizmatlar hajmi esa 1,8 mln so‘m (viloyatda 3,9 mln so‘m)ni tashkil qilib, viloyat bo‘yicha eng oxirgi o‘rinda turibdi.

Shunga ko‘ra, Chiroqchi tumanida yashayotgan aholiga ijtimoiy va maishiy qulayliklar yaratish hamda viloyatda rejalashtirilayotgan o‘zgarishlar, urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan tartibga solish, ayniqsa aholi bandligini ta’minlash maqsadida, ushbu tumanning bir qismida Ko‘kdala tumanini tashkil etish hamda uning markazini Yettitom shaharchasi etib belgilash nazarda tutilmoqda.

Bunda Chiroqchi tumanida istiqomat qilayotgan 420 ming nafar aholining 176,3 ming nafari, ya’ni 32 ta mahallada yashayotgan qismini Ko‘kdala tumani tarkibiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Ko‘kdala tumani tarkibiga 162 ta sanoat korxonasi va 1 ta kichik sanoat zonasi (Ayritom) o‘tkazilib, ishlab chiqariladigan mahsulot hajmining tuman sanoatidagi ulushi 151,9 mlrd so‘mni yoki 38 foizni tashkil etadi. “Ayritom” kichik sanoat zonasining 7 gektar maydoniga muhandislik-infratuzilma ob’ektlari qurilib, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

Xalqaro ahamiyatdagi 94 km yo‘l bo‘yida 150 ta xizmat ko‘rsatish ob’ektlari (516 ta ish o‘rni), Yettitom hududidan o‘tgan A-378 avtomagistral yo‘li yoqasida 6 gektar yerda xizmat ko‘rsatish va savdo komplekslari tashkil etiladi. 10 ming gektar lalmi va adir yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida bog‘-tokzorlar tashkil etiladi.

Natijada esa Ko‘kdala tumani tarkibiga o‘tkazilayotgan aholiga qulay sharoitlar yaratiladi hamda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati oshishiga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing